Kriminal avtoritet “Kolya Qirg‘iz”ga aloqador yana 2 kishi qo‘lga olindi (video)
Olam
−
26 may 5511 2 daqiqa
Qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhi a’zolari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qamchibek Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi a’zosi, ilgari Qorako‘l shahri va Issiqko‘l viloyatining “nazoratchisi” bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi, “Jesha” laqabli T.J.J. tovlamachilikda va o‘zgalarning mol-mulkini o‘g‘irlashda gumon qilinib, qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, uyushgan jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatida ishtirok etganlikda gumon qilinib, Asanbekning shaxsiy qo‘riqlash bo‘limi a’zosi sifatida xizmat qilgan Qirg‘iziston fuqarosi M.N.K. ham ushlangan. Qo‘lga olinganlar Qorako‘l shahar IIBning vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biri bo‘lgan. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.
2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan. Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan. U 2023 yilning oktyabr oyida Bishkekda o‘ldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) ning uyushgan jinoiy guruhiga homiylik qilgan va ko‘plab qizlarni zo‘rlagan shaxs qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi