“Kladmen” talaba va 71 ming doza narkotik: katta jinoiy guruh fosh bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
22:36 670 2 daqiqa
O‘zbekistonda narkotik tarqatish bilan shug‘ullangan transmilliy jinoiy uyushmaning 14 nafar turli darajadagi a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi tezkor-qidiruv departamenti hamda uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot, Bektemir va boshqa hududlarida oltita yo‘nalishda keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tezkor kombinatsiyalar natijasida dastlabki yo‘nalishda 2005 yilda tug‘ilgan, nufuzli oliy ta’lim muassasasining uchinchi bosqich talabasi internet narko-do‘konda “kladmen” sifatida ishlab kelgani va uning boshqaruvidagi Onix rusumli avtomashina Yangihayot tumani hududidagi postda to‘xtatilib tekshirilganda, avtomashinaning salon qismiga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlarning ikkinchi yo‘nalishida esa jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritib kelgan a’zosi qo‘lga olingan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, jinoiy sheriklarning har biri o‘zaro bog‘langan yagona narkotarmoqning bo‘g‘inlari sifatida fosh etilgan.
Tezkor tadbirlarning xalqaro yo‘nalishdagi hamkorlik natijasida esa mazkur transmilliy jinoiy uyushmaning yetakchilaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlanib, shu davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Transmilliy jinoiy uyushmaning O‘zbekiston hududidagi faoliyatiga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, jinoiy uyushmaning yetti nafar omborchisi va ushbu omborchilarga ishlagan olti nafar “zakladchik”, shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida transmilliy jinoiy uyushmaning jami 14 nafar turli darajadagi a’zolari qo‘lga olinib, ulardan 71 ming 433 ta bir marotabalik dozaga teng bo‘lgan 2 kilogramm 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan qo‘lga olingan barcha jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan Cobalt haydovchisining avtomashinasidan 4 kilogrammdan ortiq gashish aniqlangandi.
Live
Barchasi