Kriminal avtoritet “Detina” Litvada qo‘lga olindi

Olam

image

Qirg‘izistondagi Risbek Akmatboyevning uyushgan jinoiy guruhi a’zosi bo‘lgan, qotillikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan kriminal avtoritet “Detina” Litvada qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning avgust oyida Litva hududida IIV so‘rovi asosida 1979 yilda tug‘ilgan, kriminal olamda “Detina” nomi bilan tanilgan Yu.Yu. qo‘lga olingan. Uning yonida Sh.A. nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar bo‘lgan.

Yu.Yu. Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari tomonidan 2007 yilda Bishkekda sodir etilgan qotillikda ayblanib qidiruvga berilgan. O‘shanda u avtomobil yuvish shahobchasi egasini otib o‘ldirgan va yashiringan.

Bundan tashqari, u Qozog‘iston huquq-tartibot organlari tomonidan Olmaotada sodir etilgan qotillikda gumonlangan. U Interpol orqali ham xalqaro qidiruvga berilgan.

Qirg‘iziston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Yu.Yu. uyushgan jinoiy guruh a’zosi sifatida operativ ro‘yxatda turadi. Hozirda uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun Qirg‘izistonning vakolatli organlari ekstraditsiya jarayonini boshlab yuborgan.

Risbek Akmatboyev kim edi?

1990 yillarda u Qirg‘izistonning eng qudratli “mafiya rahbari” hisoblangan. Cholpon-Ota shahrida tug‘ilgan Akmatboyev yirik uyushgan jinoiy guruhini tuzib, unga rahbarlik qilgan. Uning nomi butun mamlakat bo‘ylab qo‘rquv uyg‘otgan. Og‘ir jinoyatlarda bir necha bor ayblanganiga qaramay, u siyosiy ta’sir o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan va hatto 2006 yilda parlament saylovida g‘olib chiqqan. Ammo o‘sha yilning o‘zida – 2006 yilning 10 may kuni Bishkek yaqinidagi Ko‘k-Jar qishlog‘ida masjiddan chiqayotgan paytda otib o‘ldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) jinoiy guruhini moliyalash bilan shug‘ullangan “Baron” narkokartel rahbari va uning 3 nafar a’zosi qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

kriminal avtoritet Detina Risbek Akmatboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing