“Kolya Qirg‘iz”ning tansoqchisi “Uzun Ulan” Rossiyada ushlandi
Olam
−
04 Sentabr 2025 8724 2 daqiqa
Qirg‘izistonlik marhum kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning tansoqchisi Ulan Barchakeyev Moskva shahrida qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 4 sentyabr kuni Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
53 yoshli Barchakeyev jinoyat olamida “Uzun Ulan” laqabi bilan tanilgan. Vazirlikka ko‘ra, u Qamchibek Ko‘lboyevning yaqin va ishonchli odami bo‘lgan va uning shaxsiy xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan.
“Uzun Ulan” 2019 yilda Bishkekda sodir etilgan talonchilik hujumida ayblanmoqda. Keyin u chet ellik tadbirkordan juda katta mulkni tortib olgan. Barchakeyev ayni paytda Moskvadan Bishkekga olib kelingan.
Barchakeyevga uyushgan jinoiy guruhning faol a’zosi sifatida IIV tomonidan tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Bir necha bor jinoiy ish yuritishda ishtirok etgan, shuningdek, pul undirish bilan shug‘ullangan va tadbirkorlardan tijorat firmalari hamda ko‘chmas mulklarni tortib olgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biri bo‘lgan. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.
Qayd etish joiz, 2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan. Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan. U 2023 yilning oktyabr oyida Bishkekda o‘ldirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) jinoiy guruhini moliyalash bilan shug‘ullangan “Baron” narkokartel rahbari va uning 3 nafar a’zosi Qirg‘izistonda qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi