“Kremlga oltin shartlar taklif qilingan”. Zelenskiy ofisi BMTni tanqid qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak G‘arb OAVlarining BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning don kelishuvi bo‘yicha Kremlga kiritgan “maxfiy taklifi” haqidagi ma’lumotlariga izoh berdi. Bu haqda u “UNIAN”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, BMT urushning targ‘ibotchisiga aylanib, Rossiyaga keyingi harbiy harakatlarni davom ettirishga, Kreml o‘zi qilayotgan ishlarda Kiyevni ayblashi mumkin bo‘lgan Ukraina bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilishlar o‘tkazishga ruxsat bermoqda, shuningdek, bir qator jiddiy qonunbuzarliklar uchun Rossiya Federatsiyasining BMTdagi a’zoligini to‘xtatib qo‘yishdan bosh tortmoqda.

Bundan tashqari, Podolyak Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan g‘alla kelishuvini qayta tiklash evaziga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni keng miqyosda olib tashlash bo‘yicha “yashirin muzokaralar” olib borayotgan tashkilot Bosh kotibining shaxsiy tashabbusiga ham izoh bergan.

"U ochiqdan-ochiq butun dunyoni Rossiya oldida tiz cho‘kishga taklif qilmoqda", deydi Podolyak Bosh kotib Guterrish haqida.

Xususan, u Rossiya Qishloq xo‘jaligi bankini SWIFT global moliyaviy tizimiga qaytadan kiritishni, barcha sanksiyalar cheklovlarini – ma’lum darajada harbiy texnikani ko‘paytirish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishda bekor qilishni taklif qiladi. Shuningdek, Rossiya mahsulotlari uchun Yevropa mamlakatlari portlarini ochish, Rossiya uchun optimal xavf sug‘urtasini ta’minlash (kema sug‘urtasi), muzlatilgan aktivlar va hokazolarni olib tashlash kabilar ham shular jumlasidandir.

"Bu taklif global dunyo tartibini iloji boricha kamsituvchi va haqoratlovchidir. Ya’ni u mohiyatan BMTni bekor qiladi. Garchi tashkilot hech qayerda yo‘q bo‘lib ketmasa ham, Rossiya Federatsiyasi tomonida urush targ‘ibotchisi sifatida ishlashda davom etadi”, deydi Podolyak. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlga taklif qilingan "oltin shartlar" Rossiyaga jiddiy bosim o‘tkazishda davom etishi kerak bo‘lgan ko‘plab kelishuvlarni bekor qiladi. Biroq, BMT Bosh kotibining taklifi buning aksi – bu Rossiya Federatsiyasi uchun barcha "eshiklarni" ochadi.

“Rossiya Federatsiyasi g‘alla bo‘yicha kelishuvdan nafaqat chiqdi, balki Ukraina infratuzilmasini namoyishkorona tarzda yo‘q qilmoqda. Rossiya Federatsiyasi, birinchidan, Ukraina timsolida jahon bozoridagi raqobatchisini yo‘qotyapti. Ikkinchidan, u davlat byudjetiga katta daromad keltiruvchi eksportga yo‘naltirilgan asosiy tarmoqlardan biri bo‘lgan sanoatimizni ishdan chiqarmoqchi, uchinchidan, o‘z mahsuloti uchun yangi yo‘lak ochmoqchi. To‘rtinchidan, u qishloq xo‘jaligi rayonlarini – Nikolayev, Xerson, Odessa, Zaporojeni, transport va logistika infratuzilmasi, portlarni vayron qilmoqda”, deya ta’kidlaydi Podolyak.

Qolaversa, Rossiya Qora dengiz ustidan to‘liq nazoratga ega ekanligini, uning ishtirokisiz har qanday biznes faoliyati tugatilishini bildirib qo‘ymoqchi.

"Ya’ni, Rossiya nafaqat sanksiyalarni olib tashlashni, balki sanoat bozorini qayta taqsimlashni istaydi. Va BMTning ushbu takliflari orqasiga yashiringan holda, o‘z ishida davom etadi", deydi Podolyak.

Shu bilan birga, maslahatchi Ukraina Dunay portlari, Xorvatiya, Ruminiya orqali ishlay olishini va Turkiyaga kemalarni kuzatib borishini, qolaversa, Qora dengizda hukmronlik uchun harbiy-dengiz dronlari yordamida kurasha olishini aytgan.

"Endi esa Rossiya Federatsiyasi Qora dengizdagi Ukrainaning harbiy harakatlarini to‘xtatishni talab qilmoqda. Chunki bu uning neftini tashishga ham ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, daromadlariga ham... Aslida yo‘qotishdan qo‘rqib, neft yo‘laklarini buzgan holda, Rossiya Federatsiyasi BMTga bosim o‘tkazmoqda”, deb ta’kidlagan Podolyak.

Uning fikricha, Kreml Ukrainaga qarshi boshlagan urush lakmus sinovi kabi kimning kimligini ko‘rsatadi. Maslahatchining fikricha, endi BMT inqirozli vaziyatlarni hal qilish mumkin bo‘lgan xalqaro platforma bo‘lib xizmat qilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Guterrish Podolyak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing