Kremlga hujum: kim nimaga chaqirmoqda?

Olam

image

Kremlga uchuvchisiz samolyotlar yordamida qilingan hujum ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Dunyoning turli burchaklaridagi tahlilchi vaziyatni o‘rganib, o‘z fikrlarini bildirdi. Shundaylardan biri Shanxay Ijtimoiy fanlar akademiyasi qoshidagi Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi ijrochi direktori Sun Si bu hodisani oldindan rejalashtirilgan terrorchilik harakati sifatida baholanishi kerakligini, uning siyosiy ta’siri harbiy samarasidan ko‘ra muhimroq ekanini aytdi. 

“Kremlga uchuvchisiz samolyot hujumi juda muhim bir vaqtda – Rossiyada G‘alaba kuni arafasida amalga oshirildi. Hujum joyi sifatida esa Putinning Kremldagi qarorgohi tanlangan. Bu ikki faktni taqqoslash Kremlga qilingan hujumni mamlakat poytaxtiga rejalashtirilgan terakt va davlat rahbariga suiqasd qilishga urinish sifatida qarashga imkon beradi. Bu harakatning siyosiy samarasi harbiy samarasidan ko‘ra kattaroqdir”, deydi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishni aynan qaysi davlat yoki tashkilot amalga oshirgani hozircha noma’lum bo‘lsada, Rossiyaning bu Ukraina tomonining ishi degan shubhalariga asoslar bor. Mutaxassisning eslatishicha, bu Ukrainadan dronlar yordamida Rossiya hududiga birinchi hujum emas.

“Qaysi davlat bu ishni qilgan bo‘lishidan qat’iy nazar, oqibatlari jiddiy bo‘ladi. Bu Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish jarayoniga ham hech qanday foyda keltirmaydi, faqat nizoning kuchayishiga xizmat qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Sun Si.

Ekspertning fikricha, bu aksiyadan asosiy maqsad 9 may kuni Qizil maydondagi parad arafasida vahima uyg‘otishdir. Sun Qi ham Moskva bu hujumga javob berishiga ishonch bildirgan.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha kotibi Jozep Borrel esa bugun, 4 may kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqini rivojlantirish bo‘yicha vazirlar yig‘ilishiga kelganida Rossiyani Kremlga uyushtirilgan dron hujumidan mojaroni kuchaytirish uchun foydalanmaslikka chaqirgan. 

“Biz Rossiya Federatsiyasini ushbu hujum deb atalmish mojaroni yanada kuchaytirish uchun dalil sifatida ishlatmaslikka chaqiramiz”, degan Jozep Borrel.

Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari esa Rossiya tomoni jamiyatni kengroq safarbar qilish uchun sharoit yaratish maqsadida Kremlga dron hujumini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin demoqda. 

ISW'ga ko‘ra, dronlar Moskvada o‘rnatilgan havo hujumidan mudofaa tizimlarining bir necha qatlamini yengib o‘ta olishi dargumon edi. 

“Kremlning voqeaga zudlik bilan, izchil va muvofiqlashtirilgan munosabati hujumning ichki tomondan shunday uyushtirilganligidan dalolat beradiki, bunda uning ehtimoliy siyosiy oqibatlari sharmandalikdan ko‘ra ko‘proq”, deyiladi ISW hisobotida.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda sodir bo‘lgan voqealardan keyin Putinning “odatiy ish muhiti” saqlanib qolgani, Vladimir Putin an’anaviy tarzda 9 may kuni Qizil maydondagi G‘alaba paradida chiqish qilishini ma’lum qilgan. 

Ma’lumot uchun, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Qizil maydonda Ikkinchi Jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan paradda 10 mingdan ortiq kishi, 125 dona qurol va harbiy texnika ishtirok etishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 may kuni Moskva Kiyevni Vladimir Putinning Kremldagi qarorgohiga dronlar yordamida hujum qilishga uringanlikda ayblagandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy voqeaga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' dron hujumi Kremlga hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing