Odessa yirik dron hujumiga uchradi
Olam
−
08 noyabr
5622Bugun, 8 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Odessa shahri va viloyatiga uchuvchisiz samolyotlar bilan yirik hujum uyushtirdi. Bu haqda Odessa viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Kiper ma’lum qildi.
Uning aytishicha, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan.
“Xususiy turarjoy binolari vayron bo‘lgan, bir nechtasida yong‘in sodir bo‘lgan. Odessadagi ta’lim muassasalaridan birining oynalari singan, fasad qismi shikastlangan. Shuningdek, Odessadagi shrapnellarning shikastlanishi tufayli ikkita gaz quvuri bosimsizlanib, yonib ketdi. Bir qator binolarning oynalari singan”, deb yozdi Kiper Telegram-kanalida.
Odessa shahar kengashining aniqlik kiritishicha, hujum oqibatida zarar ko‘rgan ta’lim muassasasi Odessadagi eng qadimgi maktablardan biri bo‘lgan 125-litseydir.
Qayd etish joizki, Odessa tez-tez Rossiya hujumlarining nishoniga aylanmoqda. Avvalroq, 7 noyabrga o‘tar kechasi ham Rossiya Odessaga dronlar yordamida hujum qilgan edi. Oqibatda to‘qqiz qavatli turarjoy binosining barcha oynalari singan, uning birinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lgan. Bundan tashqari, bir nechta mashinaga zarar yetgan. Kamida bir kishi jarohatlangan.
Odessa davom etayotgan urushda Rossiya havo hujumlarining eng tez-tez uchraydigan nishonlaridan biridir. Ushbu hujumlarning aksariyatida qurbonlar bo‘lgan. Xususan, Qora dengiz “don koridori”ning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan Odessa port infratuzilmasiga bir necha bor hujumlar uyushtirilgan.
Bundan tashqari, 2023 yil iyul oyida ushbu hujumlardan biri oqibatida Odessadagi eng yirik pravoslav cherkovi bo‘lgan shahar markazidagi Transfiguratsiya sobori zarar ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabrga o‘tar kechasi ham Rossiya qo‘shinlari Odessa viloyatiga uchuvchisiz samolyotlardan zarba bergandi.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi