Kremlda MDH sammiti boshlandi (video)
Olam
−
08 Oktabr
9567Bugun, 8 oktyabr kuni Moskva shahrida MDH Davlat kengashining navbatdagi majlisi boshlandi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Kremlda MDH Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirok etmoqda.
Kirish so‘zini Hamdo‘stlikka rais sifatida mezbonlik qilayotgan Rossiya Prezidenti boshladi. U MDH doirasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi.
“Biz uchun Hamdo‘stlik mamlakatlari eng yaqin qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, strategik hamkorlarimizdir va biz hamkorligimizni har tomonlama mustahkamlash tarafdorimiz. Rossiyaning 2024 yilgi raislik konsepsiyasi va u bilan bog‘liq tadbirlarning keng ko‘lamli rejasi aynan shunga qaratilgan. Biz bu yerda hozir bo‘lgan barcha hamkasblarga qo‘llab-quvvatlaganliklari va ularni amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildiramiz”, deydi Putin.
Uning aytishicha, bugun kun tartibida iqtisodiy mavzularga, MDHda savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollariga katta e’tibor qaratiladi.
“Ishonchim komilki, sanoat, qishloq xo‘jaligi, moliya, infratuzilma sohalarida yangi, yirik, o‘zaro manfaatli loyihalarni ishga tushirish uchun barcha imkoniyatlarimiz bor. Shuningdek, Hamdo‘stlikning boshqa keng ko‘lamli dolzarb mavzulari bo‘yicha fikr almashamiz: umumiy xavfsizlikni ta’minlashdan tortib, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikkacha”, deydi Putin.
Ma’lumot uchun, MDHning 2023 yilgi sammiti ham oktyabr oyida bo‘lib o‘tgandi. Hamdo‘stlik mamlakatlari rahbarlari o‘tgan yili tashkilotga raislik qilgan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda uchrashgan. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 17 ta hujjat qabul qilingan. Ular orasida rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, ko‘p qutbli dunyoda xalqaro munosabatlar bo‘yicha bayonotlar, davlat boshqaruvini raqamlashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida va rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish to‘g‘risida hujjatlar bor.
LiveBarchasi