Kreml uchun yangi muammo: dardi og‘ir Qodirovning o‘rnini kim egallaydi?
Olam
−
22 aprel
45444Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga og‘ir kasallik – oshqozon osti bezi nekrozi tashxisi qo‘yilgan. Bu haqda "Novaya gazeta" nashri xabar berdi.
Nashr jurnalistlari o‘z tekshiruvlari davomida shifokorlar Qodirovga birinchi marta 2019 yilning yanvar oyida pankreonekroz tashxisini qo‘yishganini aniqladi. Checheniston rahbari shu paytgacha bir necha marta "vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi" tufayli ta’tilga chiqishga majbur bo‘layotganini yashirmagan.
Faqat u sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar haqida gapirib, "yengilgina shamollagani"ni aytgandi.
"Yaqinda men tog‘larga ikki kunlik tekshiruv safariga chiqdim. Qor yog‘ishi va kuchli shamol sharoitida biroz sovqotib qoldim. Oqibatda biroz isitma kuzatildi va grippga chalindim, shekilli. Hozir hammasi yaxshi. 16 fevraldan boshlab o‘z xizmat vazifamni to‘liq bajarib kelyapman. Agar siz turli kasalliklarni tezda yengishni istasangiz, sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmang”, degandi oxirgi marta yotib qolgan Ramzan Qodirov.
Shu paytdan boshlab Qodirovning sog‘lig‘i yanada yomonlashdi va uning kasalligining asl sabablarini jamoatchilikdan yashirishning imkoni bo‘lmay qoldi. Ijtimoiy tarmoqda undagi keskin vazn ortishi, shishish, "o‘rdak yurish" va Donning ovozida zaiflik sezilgani haqidagi gap-so‘zlar bolaladi. Negadir u yanada kamroq ommaga ko‘rinish bera boshladi. Ommaviy axborot vositalarida uning ahvoli haqidagi turli xil versiyalar paydo bo‘ldi, jumladan ular zaharlanish, onkologiya, buyrak yetishmovchiligi va boshqa "diagnoz"larni qo‘yishdi.
2023 yilning sentyabrida bu mish-mishlar Ukraina Mudofaa vazirligi tomonidan rasman tasdiqlandi. Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov Qodirovning ahvoli og‘irligi va u uzoq vaqtdan beri kasallikdan aziyat chekayotganini aytdi. Sal o‘tib qator nashrlar Qodirovning komada ekanligi haqida yozdi.
Shundan so‘ng Checheniston Respublikasining PR xizmati barcha taxminlarni rad etishga urinib, rasmiy Telegram-kanalida Qodirovning go‘yoki yugurayotgani aks etgan videosini e’lon qildi.
"Ammo Qodirov sport ishqibozi rolini o‘ynay olmadi, uning o‘pkasini qo‘ltiqlab yugurayotgani, nafasi qisilayotgani sezilib turar edi", deb yozgan nashr.
"Novaya gazeta" insayderlariga ko‘ra, ayni paytda Donning o‘rniga Checheniston maxsus kuchlari boshlig‘i Apti Alauddinov tayyorlanmoqda.
"Yaqinda harbiy xizmatchi Rossiya Mudofaa vazirligining Harbiy-siyosiy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Alauddinov rasmiy tadbirlarda chiqishni boshladi. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, uning chiqishlari yaxshi tayyorlangan va sifat jihatidan boshqa chechen arboblarining nutqlaridan juda farq qiladi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yozida Ramzan Qodirov o‘lim to‘shagida ekani haqidagi xabarlar tarqalgandi.
LiveBarchasi