Kreml Putinning “muammosi” haqida gapirgan Baydenga javob qaytardi
Olam
−
29 iyul 2021
15100Avvalroq, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning “muammolari” haqida gapirib, bu “muammolar” Putinni yanada xavfli qilishini aytgandi. Unga ko‘ra, Putin yadro quroli va neft quduqlariga ega bo‘lgan iqtisodiyotni boshqaradi va u boshqa hech narsaga ega emas.
Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Baydenning bayonotlarini noto‘g‘ri dedi.
“Ular mohiyatan haqiqat emas”, degan Peskov.
Matbuot kotibining fikriga ko‘ra, Bayden o‘zining apparati va yordamchilari tomonidan tayyorlanayotgan xabarlarni takrorlagan.
“Bu yerda zamonaviy Rossiya to‘g‘risida noto‘g‘ri bilim va tushuncha bor”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Peskovga ko‘ra, Rossiya haqiqatan ham yirik yadro kuchiga ega, ammo unda boshqa hech narsa yo‘qligi umuman noto‘g‘ri.
“Ha, Rossiya — eng yirik yadro kuchi, juda mas’uliyatli yadro kuchi. Ha, u katta neft-gaz sohasiga ega mamlakat, ammo boshqa hech narsa yo‘qligini aytish tubdan noto‘g‘ri”, deya ta’kidlagan Peskov.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, yadro quroli yuqori texnologik sohadir, u o‘zining fuqarolik ishlab chiqarishida davom etadi. Uning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish Rossiyaga qurol sotishdan tushadigan daromaddan ancha ko‘p pul olib keladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Rossiya-AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi. La Granj qasrida bo‘lib o‘tgan Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi yuzma-yuz uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ko‘plab qirralari muhokama qilindi.