Kreml Polshani dushman davlat deb e’lon qildi
Olam
−
24 may 2023
12178Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Polsha Rossiya uchun dushman davlat ekanini aytdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Peskov jurnalist Pavel Zarubinga bergan intervyusida Polsha Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Valdemar Skshipchakning o‘z mamlakati Belarus hududida isyon amalga oshirish uchun jangovar harakatlarda ishtirok etishga tayyorlanayotgani haqidagi bergan bayonotiga munosabat bildirgan.
Kreml matbuot kotibi Polsha Rossiyaning dushmani ekanini ta’kidlab, mamlakat rahbariyati endilikda tom ma’noda rusofobiya isterikasida ekanini aytgan.
“Biz bu dushman davlat, aslida, qo‘shni davlatning ichki ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, jumladan, kuch bilan aralashish niyati haqida ochiq gapirayotganini ko‘rib turibmiz”, deydi Peskov.
Bundan tashqari, u Belarus Rossiyaning sherigi va ittifoqchisi ekaniga urg‘u bergan.
"Tabiiyki, Rossiya Federatsiyasi Belarus xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarga ega. Biz buni ana shunday aniq tahdid sharoitida bajaramiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiyaning Polsha bilan munosabatlaridagi taranglashuv, ayniqsa, Ukraina urushi boshlanganidan keyin kuchaydi. Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi bo‘lgan Polsha ushbu qarama-qarshilikda Ukrainani eng ko‘p qo‘llab kelayotgan davlatlardan biri bo‘lib turibdi. Masalan, mamlakat Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berish tashabbusini birinchilardan bo‘lib ilgari surdi va o‘zi namuna ko‘rsatib, arsenalida bor deyarli barcha MiG-29 samolyotlarini unga berdi.
Rossiya tomoni ham Polshaning bunday harakatlariga nisbatan keskin bayonotlar bilan javob berib keladi. Chunonchi, yaqinda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Rossiya va NATO o‘rtasida urush bo‘lgan taqdirda Polsha yo‘q bo‘lib ketishini aytgandi.
LiveBarchasi