Kreml Medvedchukni ayirboshlash taklifini rad etdi
Olam
−
14 aprel 2022
16978Kreml ukrainalik muxolif siyosatchi Viktor Medvedchukni asirga olingan ukrainalik harbiy xizmatchilarga almashtirish imkoniyatini ko‘rmayapti — u Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emas va “maxsus operatsiya”ga hech qanday aloqasi yo‘q.
“Kiyevdagi turli arboblar shu qadar qizg‘in, shijoat va zavq bilan gapirgan almashinuvga kelsak, Medvedchuk Rossiya fuqarosi emas, uning maxsus harbiy operatsiyaga aloqasi yo‘q. U xorijiy siyosiy arbobdir. Uning o‘zi ham unga nisbatan bu tuhmatli vaziyatni hal qilishda Rossiya ishtirokini xohlaydimi yoki yo‘qmi, biz umuman bilmaymiz”, degan Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Peskov, shuningdek, Moskva Medvedchuk taqdiriga befarq bo‘lmasligiga va’da bergan.
“Biz, shubhasiz, Viktor Medvedchuk taqdiri ortidan boramiz, so‘z erkinligi haqida juda qayg‘uradigan, shaxsni siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilish mumkin emasligi haqida gapiradigan yevropalik siyosatchilarni chaqiramiz. Medvedchuk bilan sodir bo‘lgan hamma narsa Kiyev rejimining aslida nima ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, degan Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati ham, Donbass respublikalari ham “Medvedchukdan so‘nggi bir necha yil davomida mahbuslar almashinuvini tashkil etgani va boshqa gumanitar masalalarni hal qilgani uchun juda minnatdor. Peskov jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida, shuningdek, Medvedchuk tinchlik tarafdori bo‘lganini aytgan.
“Agar uning pozitsiyasi Kiyev rasmiylari tomonidan qabul qilinganida, Ukrainada maxsus harbiy amaliyotlar o‘tkazilmagan bo‘lardi. Viktor Medvedchuk Rada deputati, deputat, muxolifat partiyasini boshqargan taniqli ukrainalik muxolifat siyosatchisi”, degan Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Medvedchuk hamisha “tinchlik tarafdori bo‘lgan, urushga qarshi chiqqan, Donbasdagi mojaroning kengayishiga qarshi bo‘lgan”.
“Agar o‘z vaqtida u va uning partiyasi g‘oyalari inobatga olinganda hech qanday harbiy operatsiya bo‘lmas edi. Medvedchuk Ukraina va Rossiya o‘rtasida normal o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish tarafdori bo‘lgani ham yaxshi ma’lum. Bu pozitsiya doimo ochiq bo‘lib kelgan”, degan Peskov.
Kreml vakili agar Medvedchuk Rossiya tomoniga yordam so‘rab murojaat qilsa, ular nima qilishi haqidagi savolga javob bermagan.
“Men bu mavzu bo‘yicha aytishim mumkin bo‘lgan hamma narsani aytdim”, degan Kreml vakili.
Eslatib o‘tamiz, 12 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uy qamog‘idan qochib ketgan siyosatchi Viktor Medvedchuk qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Zelenskiy Rossiyaga uni ayirboshlashni taklif qilgan.
Ukraina parlamenti deputati, “Oppozitsionnaya platforma – Za jizn” partiyasi yetakchisi Viktor Medvedchuk kremlparast va Prezident Vladimir Putinga yaqin siyosatchi hisoblanadi. U ikki jinoiy ish bo‘yicha davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda.
2021 yil 12 mayda deputatga ishg‘ol qilingan Qrimda milliy boyliklarni talon-toroj qilish, davlat sirlarini oshkor qilish va davlatga xiyonat qilish, urush qonunlari va odatlarini buzish va Ukrainaga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatini amalga oshirish (Jinoyat kodeksining 111 va 438-moddalari) ayblovi qo‘yilgan.
O‘sha yilning oktyabr oyida Medvedchukga “ko‘mir ishi” nomini olgan (Jinoyat kodeksining 111-moddasi va 258-3-moddasi 1-qismi) ish bo‘yicha xiyonat va terrorizmga sheriklik ayblovi e’lon qilingan.
LiveBarchasi