Kreml G‘arbni Ukrainaning Kurskka hujumida yordam berishda aybladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning nufuzli yordamchisi Nikolay Patrushev kecha, 16 avgust kuni  G‘arb va AQSH boshchiligidagi NATO ittifoqi Ukrainaning Rossiyaning Kursk viloyatiga kutilmagan hujumini rejalashtirishga yordam berganini aytdi. Bu haqda u "Izvestiya" gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Kursk viloyatidagi operatsiya ham NATO va G‘arb maxsus xizmatlari ishtirokida rejalashtirilgan edi, ularning ishtiroki va bevosita yordamisiz Kiyev Rossiya hududiga kirishga jur’at etmagan bo‘lardi”, deydi u dalil keltirmasdan.

Nashrning yozishicha, Prezident Vladimir Putin Rossiya Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishiga raislik qilgan va muhokamada “maxsus harbiy amaliyot”ning yangi texnik yechimlariga alohida e’tibor qaratishini ta’kidlagan.     

Qayd etish joizki, Ukraina Rossiyani adolatli tinchlik muzokaralarini boshlashga majburlash uchun bosqin zarur deb hisoblashini ta’kidlagan. Ammo Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvdan qochishga intilayotgan Qo‘shma Shtatlar va G‘arb davlatlari Ukraina oldindan ogohlantirmaganini va Vashington bunga aloqador emasligini aytishdi. Shunga qaramay, keyinroq  Britaniya va AQSH tomonidan taqdim etilgan qurollar Rossiya hududida qo‘llanilgani xabar qilindi.

Ma’lumot uchun, 6 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga hujum boshladi. 9 avgust kuni mintaqada federal darajadagi favqulodda holat joriy etildi. 10 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Milliy aksilterror qo‘mitasi Belgorod, Kurs va Bryansk viloyatlarida terrorizmga qarshi operatsiya rejimini joriy qildi. 12 avgust kuni Belgorod viloyatining Ukraina bilan chegaradosh Krasnoyarujskiy tumanida evakuatsiya boshlandi.  Bir kun o‘tib, Kursk viloyatining Bolshesoldatskiy tumanida aholi o‘z kuchi bilan va mahalliy ma’muriyat yordamida evakuatsiya qilindi.      

Eslatib o‘tamiz, oldinroq NATO Harbiy qo‘mitasining 2024 yilning 13-15 sentyabr kunlari Pragada bosh shtab boshliqlari bilan bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Ukraina masalasini ko‘rib chiqishi xabar qilingandi.

Zebo Turobjonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Kreml' Rossiya Vladimir Putin Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing