Kreml: AQSHni Rossiyaga do‘st bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish uchun sabab yo‘q
Olam
−
21 iyun 2021
4836Jenevadagi sammit yakuni bo‘yicha AQSHni Rossiyaga do‘st bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish uchun hech qanday asoslar mavjud emas, chunki uchrashuvning amaliy natijalarini kutish kerak. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi uchrashuvlar orqali “qayerda gapirish foydasizligini tushunishga, qayerda gapirish kerakligini tushunishga” erishish mumkin.
“Ammo har qanday tushuncha tegishli ish mexanizmlari yaratilmasa va moddiy kelishuv bo‘lmasa, havoda muallaq osilib turadi. Shuni unutmasligimiz kerakki, davlatlar rahbarlari doimiy bosim tufayli tafsilotlar haqida gapirish imkoniga ega emaslar, ular konseptual va doirada gapirishadi, so‘ngra tafsilotlar ish darajasida muhokama qilinadi”, degan Peskov.
Har ikkala tomon aytganidek, “konstruktiv tarzda o‘tgan” Jenevadagi sammitdan so‘ng AQSHni Rossiyaga nisbatan do‘st bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarib tashlash mumkinmi, degan savolga Peskov shu tariqa javob bergan.
Avvalroq, Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov taxminan uch oylik tanaffusdan so‘ng kecha, 20 iyun kuni diplomatik faoliyatini davom ettirish uchun Amerikaga qaytgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Rossiya-AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi. La Granj qasrida bo‘lib o‘tgan Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi yuzma-yuz uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ko‘plab qirralari muhokama qilindi.
LiveBarchasi