Kreml AQSH va Ukraina muhokama qilayotgan havo sulhiga munosabat bildirdi

Olam

image

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH va Ukraina o‘rtasida muhokama qilinayotgan havo sulhi taklifiga munosabat bildirib, bu haqda gapirishga hali erta ekanini aytdi. Unga ko‘ra, Moskva yangi tashabbuslarni faqat Rossiya manfaatlariga mos kelsagina ko‘rib chiqadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina va AQSH rasmiylari Rossiyaga taqdim etilishi mumkin bo‘lgan havo sulhi taklifini muhokama qilgan. Tashabbus 2022 yilda boshlangan urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik muzokaralarini qayta jonlantirishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, Kiyev avval ham Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflar bilan chiqqan, biroq ular rad etilgan. Shu bilan birga, ayrim rasmiylar Ukraina dron va raketa hujumlari Rossiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirayotgani sababli, Kremlning pozitsiyasi o‘zgarishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bu xabarlarning ishonchliligiga shubha bildirib, hozircha ularga munosabat bildirishga erta ekanini aytgan.

“Bu xabarlar qanchalik ishonchli ekanini bilmaymiz. Bular gazetalardagi xabarlar, xolos. Shu bois, hozircha ularga izoh berishga erta”, degan Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har qanday yangi tinchlik tashabbusini faqat mamlakat manfaatlariga qanchalik mos kelishidan kelib chiqib, baholaydi.

“Vaqt o‘tishi bilan turli formulalar yoki takliflar ilgari surilishi mumkin. Keyingi jarayon esa ularning bizning manfaatlarimizga qanchalik mos kelishiga bog‘liq bo‘ladi”, degan Kreml vakili.

Peskov, shuningdek, Moskva va AQSH muzokarachilari o‘rtasidagi muloqot kanallari saqlanib qolayotganini tasdiqlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Rossiyaga ehtimoliy tashrifi bo‘yicha zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

“Reuters”ga ko‘ra, havo sulhi bo‘yicha muhokamalar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan rejalashtirilayotgan uchrashuvi arafasida tinchlik muzokaralarini qayta jonlantirishga qaratilgan yangi diplomatik urinishlarning bir qismi sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Ukrainadagi urushni “muzlatish” haqidagi taklifiga javoban harbiy harakatlar faqat Rossiya tomonidan qo‘yilgan maqsadlarga erishilganidan keyingina to‘xtatilishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing