Kredit changali, sovetdan qolgan tizim, ro‘zg‘or tashvishidagi migrantlar – Hafta tahlili

Tahlil

image

O‘zbek boksining afsonaviy vakillaridan biri, mamlakat tarixidagi ilk jahon chempioni Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etdi. Hayotining oxirgi yillarida u og‘ir kasallik bilan kurashib kelayotgan edi. Shuningdek, Prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Ruslanbek Davletov lavozimidan ozod etildi va Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori etib tayinlandi. Maslahatchi lavozimini esa Navoiyshunos olim Olim Davlatov egalladi. “Prezident Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun Prezident tomonidan qabul qilindi va kuchga kirdi. Bu hafta davomida sodir bo‘lgan voqealarning qisqacha axboroti edi. Efirda QALAMPIR.UZ’ning Hafta tahlili va muhim voqealarning to‘liq tafsiloti bilan ko‘rsatuv davomida tanishasiz.

Rossiya allaqachon migrantlar uchun jozibadorligini yo‘qotgan, mehnat muhojirlariga hayvondek munosabatda bo‘linadigan, tinimsiz reydlarda ularning oddiy huquqlari ham poymol qilinadigan mamlakat bo‘libgina qolmay, endi u o‘ta xavfli joyga aylanib bormoqda. Bungacha ayrim o‘zbekistonlik migrantlar urushga borishga majburlanayotgani, taklifni qabul qilmasa, qamoq bilan tahdid qilinayotganidan yozg‘irgan bo‘lsa, endi urushga bormay, ro‘zg‘or dardida yurganlarga daydi o‘q kelib urilyapti.

Tataristonda shu hafta boshida sodir bo‘lgan holatdan xabaringiz bor. Ukraina Qurolli kuchlarining dron bilan Nijnekamsk shahriga uyushtirgan hujumi qurilish korxonasida ishlagan sakkiz o‘zbekistonlik, bir tojikistonlikning boshiga yetdi. Jami 13 kishi qurbon bo‘ldi, ular orasida kichik yoshdagi qizaloq ham bor. Yana 27 nafar xorijiy fuqaro shifoxonaga yotqizilgan, ularning ayrimlari o‘zbekistonliklar.

Tatariston rahbari Rustam Minnixonov Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonga hamdardlik telegrammasini yo‘lladi. Unda qurbonlar va jabrlanganlarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishi aytilgan.

Tatariston Hukumati qurbonlarning oilalariga 2 million rubl – taqriban 23 ming 700 AQSH dollari yordam ajratish haqida qaror qabul qildi. QALAMPIR.UZ’ning Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘lanib, aniqlik kiritishicha, ushbu qaror xorijiy fuqarolarga ham tegishli bo‘lib, vafot etgan o‘zbekistonliklarning yaqin qarindoshlariga ham kompensatsiya pullari ajratiladi.

Jabrlanganlarga esa jarohatning og‘irlik darajasiga qarab 300 ming rubldan 600 ming rublgacha to‘lanadi. Bundan tashqari, qisman va to‘liq yo‘qotilgan mol-mulk uchun ham to‘lov nazarda tutilgan: birinchi darajali zaruriy mol-mulk to‘liq yo‘qotilganda – 156,7 ming rubl, qisman yo‘qotilganda – 78,4 ming rubl. Moliyalashtirish Tatariston Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan amalga oshiriladi.

Tatariston ushbu qurboni ko‘p hujumni terrorchilik sifatida baholadi. Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Respublikada motam e’lon qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi. Hodisadan ikki kun o‘tib, fojiada qurbon bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi maxsus aviareysda Toshkentga olib kelindi.

Federatsiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu hodisa haqida lom-mim demadi, ta’ziya ham bildirmadi. Rossiya siyosiy elitasi nomidan so‘z olgan yagona shaxs Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova bo‘ldi. Uning aytishicha, Ukrainaning Nijnekamskka hujumi Moskvaning do‘st mamlakatlar bilan qardoshlik munosabatlariga nifoq solish uchun maqsadli ravishda amalga oshirilgan.

Ayni vaqtda Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar necha milliondan oshadi, deb o‘ylaysiz? 2, 3, 4. ? Bir millionga ham bormaydi men sizga aytsam. Hozirda Rossiyada 834 mingdan sal oshiq o‘zbekistonlik qora qozonini qaynatish uchun mehnat qilmoqda. Ammo bu Markaziy bank bergan raqam va nisbiy. Negaki, bugungacha xorijdagi o‘zbekistonliklarning sonini hech qaysi bir tashkilot aniq aytolmagan. Na Tashqi ishlar vazirligi, na migratsiya agentligi va na boshqa takshilotlar… Davlat idoralari ochiqlaydigan raqamlar bir-biridan keskin farq qiladi. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Asosiy vaj – o‘zbekistonlik o‘zi borgan mamlakatda rasmiy hujjatlar asosida ishlamasligi yoki konsullik hisobidan o‘tmasligida.

Markaziy bankning Migratsiya agentligi ma’lumotlariga asoslanib aytishicha, hozirgi kunda 40 ga yaqin davlatda taxminan 1,4 mln nafar o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Rossiyani aytdim, Qozog‘istonda 84,4 ming nafar o‘zbekistonlik bor. Turkiyada 72,1 ming o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Janubiy Koreyada 46,4 ming nafar o‘zbekistonlik qora qozon uchun ter to‘kmoqda. Yevropada jami 258 ming o‘zbekistonlik bor. Nomi aytilmagan yana boshqa davlatlarda 100 mingga yaqin o‘zbekistonlik ro‘zg‘or dardida yuribdi. Biroq, bu raqamlar mutlaq to‘g‘ri degani emas.

Joriy yilning yarim yilida chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga (1,1 mlrd dollar) ko‘payib, 9,3 mlrd dollarni tashkil qilgan. Hisobot davrida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 4,3 mlrd dollari yoki 46,7 foizi an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali, 4,8 mlrd dollari yoki 51,7 foizi xorijdan o‘zbekistonlik jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri – P2P o‘tkazmalar orqali hamda 142 mln dollari yoki 1,6 foizi bank o‘tkazmasi orqali amalga oshirilgan.

Shuningdek, joriy yilning yetti oyi davomida xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan 2 888 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarildi. Ularning 1 306 nafari murakkab moliyaviy ahvolda qolgan shaxslar, 518 nafari bolali ayollar, 1 022 nafari voyaga yetmaganlar va 42 nafari maxsus tibbiy yordam orqali olib kelingan fuqarolar. Ularni qaytarish uchun Migratsiya jamg‘armasidan 9 mlrd 936 mln so‘m mablag‘ sarflangan.

O‘zbekiston qonunchiligidan “diniy ekstremizm” atamasi chiqarib tashlandi, uning o‘rnini “ekstremizm” atamasi egalladi. Bu endi ekstremizm muayyan din bilan bog‘lanmaydi degani.  Senatning 18-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda qabul qilindi.

O‘zgartirish kiritishning asosiy sababi bugungi kunda ekstremizmning shakl va ko‘rinishlari o‘zgarib, uning xavfi nafaqat diniy, balki boshqa ekstremistik g‘oya va harakatlar orqali ham namoyon bo‘layotganida. Shu sababli ekstremizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish zarurati paydo bo‘lgan.

Qolaversa, jamoat xavsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda ishtirok etgan shaxs agar u hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabar berish yoki boshqa usul bilan og‘ir oqibatlar yuzaga kelishining oldini olishga ko‘maklashgan bo‘lsa, bu shaxsning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Eng asosiy qismini aytaymi? Endi ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda, takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi qayd etilmoqda.

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda keng ko‘lamli elektr energiyasi uzilishlari yuz berdi.

Qozog‘istonning Olma-ota, Jambil, Turkiston, Qizilo‘rda viloyatlari “svet”siz qoldi. Energetika vazirligi mamlakatdagi elektr uzilishlarini Markaziy Osiyo energetika tizimi tomonidan elektr energiyasi oqimining keskin o‘zgarishi bilan izohlagan.

Qirg‘iziston Energetika vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 14 avgust kuni soat 15:34 da Qozog‘istondagi yuqori voltli tarmoqda tashqi o‘chish sodir bo‘lgach, mamlakat energetika tizimi vaqtinchalik izolyatsiya qilingan rejimda ishlashga o‘tgan.
 

“Uzilish Qozog‘iston energetika tizimining shimoliy va janubiy qismlarini bog‘laydigan tarmoqda sodir bo‘ldi. Natijada Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi izolyatsiya qilingan energetika tuguniga ajralib chiqdi, avtomatik tizim esa uskunalarni saqlab qolish uchun reglamentga muvofiq ishga tushdi”, deb rasman izoh bergan Qirg‘iziston energetika vazirligi.

Tojikistonda esa Dushanbe, Ko‘lob, Xo‘jand, Vahdat, Norak, Hisor, Shahrinav, Bobojon G‘afurov tumani, Rog‘un va bir qator boshqa hududlar aholisi elektr energiyasisiz qolgan. Mamlakat Energetika va suv resurslari vazirligi keng ko‘lamli uzilishga go‘yoki “Norak” GESdagi avariya sabab bo‘lgani haqida tarqalgan ma’lumotlarni rad etgan.

O‘zbekistonda uzilishlar asosan, Surxondaryo viloyatiga ta’sir ko‘rsatgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi qo‘shni davlatning energetika tizimidagi avariya Markaziy Osiyo energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatganini, oqibatda mintaqaning yagona energetika tizimi ishida uzilish yuz berganini ma’lum qilgan.

Ko‘p o‘tmay, Qozog‘iston avariyada Qirg‘izistoni ayblab chiqdi. Qayd etilishicha, Toktogul GESida gidrogeneratorlarning o‘chib qolishi oqibatida yuz bergan, bu esa butun Markaziy Osiyo energetika tizimida uzilishlarga sabab bo‘lgan.

Energetika vazirligining izoh berishicha, energiya tizimida “quvvatning keskin oshishi” – Markaziy Osiyo energiya tizimi tomonidan elektr energiyasi oqimining birdan o‘zgarishi yuz bergan. Shu sababli avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlab ketib, bir nechta hududlardagi iste’molchilarning bir qismi vaqtincha tarmoqdan uzilgan.

Qirg‘iziston esa blekaut Qozog‘istonda yuqori kuchlanishli liniyaning tashqi uzilishi oqibatida sodir bo‘lgan degan qat’iy pozitsiyani saqlab qolmoqda.

Markaziy Osiyoning birlashgan energetika tizimi bir-biriga bog‘langan. SSSR davrida 1970–1980 yillarda mintaqadagi suv hamda energetika resurslaridan oqilona, o‘zaro manfaatli foydalanish vaji bilan yaratilgan tizimni, hozirda ayrim tahlilchilar, Markaziy Osiyoni elektr energiyasi nuqtai nazaridan ham changalda ushlash uchun qilingan loyiha sifatida baholaydi.

Shu o‘rinda energetika sohasidan uzoqlashmay, yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratsam. O‘zbekiston ichki ehtiyoj to‘liq qondirilganidan so‘ng, ortib qoladigan elektr energiyasini Afg‘onistonga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Buning uchun Afg‘oniston hududidagi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning yap-yangi Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev gapirdi.

Vazirning aytishicha, Afg‘onistonga elektr eksporti mamlakat ichidagi iste’molchilar ehtiyoji to‘liq ta’minlanganidan keyin ortib qoladigan quvvat hisobidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, quyosh va shamol elektr stansiyalari yuqori quvvatda ishlaydigan mavsumlarda hosil bo‘ladigan ortiqcha elektr energiyasini eksport qilish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida yangi quyosh elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

Vazirga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xorijiy investorlarga berish hamda “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ini barpo etish loyihalarini jadallashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu hafta energetiklar oldiga neft-gaz resurslarini asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish talabini qo‘ydi. Dunyodagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. Urushlar, siyosiy nizolar, gegemonlik da’volari ortidan yonilg‘i taqchilligi yuzaga kelmoqda, narx ko‘tarilmoqda.

Tugayotgan haftada Prezident ishtirokida neft va gaz qazib chiqarish, import qilish, qayta ishlash, zaxiralash hamda iste’molchilarga yetkazib berish holati ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ avgust oyida 27 ta gaz qudug‘ini ishga tushiradi. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratau”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Neft va gazni qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan bir maromda ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalasi muhokama qilingan.

Narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni ta’minlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabga ko‘ra chiqarish, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish talabi qo‘yilgan.

Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari ta’minotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirilgan.

Mas’ullarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

O‘zbekistonliklarning banklar oldidagi qarzdorligi tarixiy rekord darjasini qayd etdi. Ayrimlar burnigacha qarzga botyapti va to‘lay olish imkoniyati yo‘q. To‘y, jentra, telefon, orzu-havas uchun sarflanayotgan kreditlarning cheki yo‘q. Ayni vaqtda o‘zbekistonliklar olgan kreditlari ortidan banklardan 610 trln so‘m qarzdor. Yomon jihati shundaki, so‘nggi bir yil ichida aholining kreditlari 21,2 foizga oshgan. Olti yil davomida esa aholining qarzlari besh barobardan ko‘proqqa ortgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda 58,8 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilda qariyb 231 trln so‘mga yetgan. Tadbirkorlik sub’ektlarining qarzlari esa yiliga 12 foizga oshyapti.

Odamlarimizda moliyaviy savodxonlik yetishmaydi. Ular nafaqat o‘z maoshini to‘g‘ri sarflashni, balki bankdan olgan qarzini to‘g‘ri taqsimlashni yoki olgan qarzi asli necha foizga o‘sishini bilmaydi. Oqibatda burnigacha qarzga botadi, bank esa pulini qaytarolmay sarson bo‘ladi.

Markaziy bank aholining qarz yukini kamaytirish maqsadida kredit va mikrozaymlar reklamasida moliyaviy xavflar haqida majburiy ogohlantirish berishni qonun bilan mustahkamlashni taklif qilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi jamoat transportlariga doir vaziyatlarni tanqid qilib, chiptalar muammosini ko‘tardi.

U viloyat tumanlarining biridagi yig‘ilishda Surxondaryodagi transport tizimiga doir vaziyatni tanqid qilib, viloyat hududidan o‘tgan avtomagistralda ahvol ayanchli ekanini aytdi.

Qosimov temir yo‘l tizimida ham umuman sharoitlar yaxshi emasligini bildirib, poyezdga o‘tirgan odam Toshkentga borgunicha kasal bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan. U transport prokuroriga bu borada e’tiroz bildirgan.

Qosimov aviachiptalarda ikki xil narx borligini ham yashirmagan. U bir hafta ichida shaharlararo va Toshkentga qatnaydigan poyezdlarni to‘liq jihozlash hamda barcha talab qilingan sharoitlarni tashkil etish topshirig‘ini bergan. Shuningdek, chiptalarni ham viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish tashkiloti tomonidan to‘liq tahlil qilish, kompaniya qancha miqdorda odamlarga ustama qo‘yayotganini hisob-kitob qilish kerakligi aytilgan.

O‘zbekistonda poyezdlardagi sharoitlarning abgorligi bilan bog‘liq masala bugun ko‘tarilayotgani yo‘q. Yillarkim bu masala muhokama qilib kelinadi. Ba’zi holatlar, xususan xalqaro darajadagi blogerlarning chiqishlaridan keyin qandaydir o‘zgarish kuzatilishi mumkin, biroq o‘sha o‘zgarish ham manzilli, aynan bir poyezdning bir vagoniga nisbatan bo‘ladi, xolos. Aviachiptalarning qimmatligi, tanlov imkoniyatlarining kamligi yoki yo‘qligi, servisning haminqadarligi masalasi ham muhokama qilinayotgani va natija sezilmaganiga ancha bo‘ldi. Biroq, bugungacha hech bir hokim ayni masalalarda so‘z ochmagan. Ko‘ramiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” va boshqa aviakomaniyalar bu gaplardan qanday xulosa chiqarar ekan? Qosimovning e’tirozi va tanqididan bir hafta o‘tib ham ikki tashkilot munosabat bildirgani yo‘q.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing