Kosonsoyda hokim o‘rinbosari o‘qituvchilarga beton quydirgan. U jazolandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Kosonsoy tumanida 54 maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabar bergan edik. O‘qituvchilar ariq chetiga beton quyishga olib chiqilishi ortidan tuman Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilingandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasini e’lon qildi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra Namangan viloyati, Kosonsoy tumanida joylashgan 54 ta maktab o‘qituvchilari Kosonsoy tumani Namuna qishlog‘i yaqinidagi anhor bo‘yida olib borilgan qurilish-obodonlashtirish ishlariga jalb qilingani aniqlangan. Qizig‘i tegishli tartibda ishlash uchun har bir maktab o‘qituvchilariga 10 metrdan hudud bo‘lib berilganligi hamda mazkur ishlarga majburiy ravishda jalb qilingan.

Kosonsoy tuman hokimining o‘rinbosari M.Isomiddinov o‘z tushuntirishida 2019 yil 29 iyun kuni tumandagi "Yashil xiyobon" istirohat bog‘idagi obodonlashtirish ishlarida tuman maktablari xodimlari ishtirok etib, tuman obodonligiga o‘z hissalarini qo‘shganligini hamda kelgusida Kosonsoy tumanida xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilmasligini bayon qildi.

Shunga muvofiq, Namangan viloyati, Kosonsoy tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Isomiddinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarori talablariga zid ravishda maktab xodimlarini qurilish ishlariga jalb qilganligi yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab majburiy mehnat Kosonsoy

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing