“Kosmonavtlar bog‘i” qayta ta’mirlanadi. Yana daraxtlar “qirg‘in”i boshlanadimi?

Jamiyat

image

Yaqin orada Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Vladimir Jonibekov haykali ro‘parasida, “Marvarid uyi” oldida joylashgan “Kosmonavtlar bog‘i” hududida zamonaviy qulayliklarga ega sayilgoh tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfuddinov QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qildi. 

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda o‘yin maydonchalari, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilishi kutilmoqda. Pudratchi sifatida “Mimar Group” MCHJ kompaniyasi tanlangan.

“Monument to‘g‘risida kichkinagina park bor. U hozirgi kunda judayam abgor ahvolda. Yaqinda uning ta’mirlash ishlari boshlanadi. Hududning atrofini o‘rashadi”, deydi tuman hokimi.

Shuningdek, tuman hokimi loyihani amalga oshirishda birorta ham daraxtga zarar yetkazilmasligini ta’kidladi. Aksincha, yashil hudud maydoni kengaytiriladi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda “daraxtlar kesiladi”, degan fikrlar bo‘lishi mumkin. Men shuni matbuot kotibiga aytdim. Bu haqda qay tartibda nima qilish rejalashtirilayotgani ommaga e’lon qilinadi. Bog‘dagi hech qaysi daraxt shikastlanmaydi va birontasi kesilmaydi. Daraxtlarni saqlab qolgan holda kichkinagina bog‘cha yaratmoqchimiz”, deydi Sayfuddinov.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Kosmonavtlar maydoni Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar buzib tashlanayotgani haqida e’tirozli xabarlar tarqalgani, qurilish Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonining ruxsatisiz boshlangani, shu bois “MIMAR GROUP” MCHJga ogohlantirish xati berilgani haqida xabar bergan edik.

Munozalarga sabab bo‘lgan holat bo‘yicha kecha, 15 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi Kosmonavtlar maydonida boshlangan ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot berdi. Ammo, hokimlik bu ta’mirlash ishlarining nima sababdan o‘zboshimchalik bilan boshlangani haqida lom-lim demadi.

Keyinroq Yakkasaroy tumani hokimi madaniy meros ob’ektida ishlarni boshlab yuborgandan keyin qonuniy ruxsat olish harakati boshlanganini tushunmovchilik deb izohlab qo‘ya qolgan.

Katta bahs-munozaralarni keltirib chiqargan ushbu holatni o‘rganish maqsadida Bosh vazir Abdulla Aripov, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham Kosmonavtlar maydoniga yetib borgan. Shunda ma’lum bo‘ldiki, loyiha byudjet mablag‘idan emas, AKFA kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan. Endi navbatdagi masala kun tartibiga chiqdi: jamoatchilik AKFA kompaniyasining bu hotamtoyligi ortida nima turgani bilan qiziqmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Yakkasaroy tumani Vladimir Jonibekov haykali “Kosmonavtlar bog'i”

Baholaganlar

31

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing