“Korzinka”ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

“Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Bildirilishicha, supermarketlar tarmog‘i tomonidan turli xil usullarda tarqatilayotgan reklama axborotida  “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx – Korzinka’da”, “...Eng unumlisiga keling!” kabi foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan so‘z jumlalaridan foydalanilganligi kuzatilmoqda.

“Mazkur reklama axborotida qayd etilgan ma’lumotlarni o‘rganish natijasida, aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo‘ladigan ma’lum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat bo‘lgan katalog joriy qilinganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Shuningdek, ushbu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari turli supermarketlar tarmog‘i hamda dehqon bozorlardagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra solishtirilganligi hamda taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olingani aniqlangan.

Qo‘mitaga ko‘ra, “Korzinka” supermarketida “eng arzon narx” deb e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlar boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxiga nisbatan yuqoriligi kuzatilgan.

“Reklamani bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deyilishi mumkin. Yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 5-moddasi, 16-moddasi birinchi qismi va O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “ANGLESEY FOOD” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Raqobat qo‘mitasi Buxoro viloyatida joylashgan “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasiga hisoblangan qo‘shimcha to‘lov yuzasidan “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.

Azizbek Eshmamatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Korzinka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing