Korrupsiyaga qarshi kurashishda ko‘ngli bo‘shlik qilganlar javobgarlikka tortiladi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish qoniqarsiz deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlari javobgarlikka tortiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Qarorga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.

Bunda reyting baholash quyidagi 5 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

•  davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligi;

•  korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

•  davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;

•  xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

•  korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.

Reyting baholash tizimi 2022 yil 1 fevraldan boshlab, eksperiment tariqasida, o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan 26 ta davlat tashkilotlari faoliyatiga, 2022 yil 1 iyuldan barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Reyting baholash “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali tashkil etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.

Bunda, faoliyati:

•  “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilanadi va amalga oshiriladi;

•  “qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;

•  “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitiladi.

Ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror korruptsiya korruptsiyaga qarshi kurashish

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing