Korrupsiyada ayblanayotgan Netanyaxuga hukumat tuzish topshirildi

Olam

image

Isroil Prezidenti Reuven Rivlin bugun, 6 aprel kuni Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga mart oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasiga ko‘ra hukumat tuzishni buyurdi. Bu haqda “Times of Israel” nashri yozmoqda

Ma’lum qilinishicha, Rivlinning bunday qarorga kelishi o‘zi uchun ham oson kechmagan. Odatda, Isroilda Prezident o‘z qarorini e’lon qilishidan bir kun oldin partiya rahbarlari bilan maslahatlashib, ularning a’zolaridan nomzodlarning qaysi birini qo‘llab-quvvatlashini so‘raydi. 

Bu safargi maslahatlashuv qiyin vaziyatni yuzaga keltirgan. Prezidentning fikriga ko‘ra, siyosatchilarning hech biri hukmron koalitsiya tuzish uchun Netanyaxudek imkoniyatga ega emas.

Isroil Prezidenti bilan maslahatlashuv natijasiga ko‘ra, bir palatali parlament – Knessetning 52 deputati Netanyaxuni yoqlab ovoz bergan, 45 nafari esa muxolifatchi Yair Lapidni qo‘llab-quvvatlagan. 

Xabarga ko‘ra, Netanyaxuda partiyalar bilan koalitsion hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun 28 kun vaqt bor. Parlament tomonidan u tuzgan hukumat tarkibi tasdiqlanishi uchun 120 nafar deputatdan 61 nafari qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Agar Netanyaxu 28 kunda ushbu vazifaning uddasidan chiqolmasa, u yana 14 kun muddat so‘rashi mumkin. Biroq bu safar ham Binyamin hukumatni tuzolmasa, u holda Prezident ushbu huquqni boshqa nomzodga ishonib topshirishi mumkin.

Isroil Prezidenti korrupsiya bilan ayblanayotgan Netanyaxuning Bosh vazir lavozimini egallashiga jamiyat boshqacha munosabat bildirishini alohida ta’kidlagan.

“Netanyaxuning Bosh vazirlikni egallashi qonun tomonidan taqiqlanmagan ekan, o‘zim sud hokimiyati rolini o‘ynab, uning bu huquqidan mahrum qilolmayman”, deydi Isroil Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ustidan sud jarayonlari ketmoqda. U poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilganlikda hamda Bosh vazir sifatida taqdim etish mumkin bo‘lgan ba’zi bir imtiyozlar evaziga ishbilarmonlardan sovg‘alar olganlikda gumon qilinib ayblanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil

Baholaganlar

62

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing