Isroil Bosh vaziri sud qilinmoqda. Uning kursisi qimirlab qoldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 5 aprel kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Quddusda bo‘layotgan sud yakunini kutmasdan zalni tark etdi. Netanyaxu bir qator moddalar bilan korrupsiyada ayblanmoqda. Bu haqda “Times of Israel” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Netanyaxu qariyb 40 daqiqa sud jarayonida qatnashgan. U 15 daqiqalik tanaffus e’lon qilinganida, davlat prokurori nutqidan so‘ng sudni tark etgan. Avvalroq Netanyaxuning advokatlari suddan Bosh vazirni tinglovlarda shaxsan qatnashish zaruriyatidan ozod qilishni so‘ragan.

Xabarga ko‘ra, prokuror Liat Ben-Ari o‘zining kirish so‘zida Netanyaxu “shaxsiy maqsadlariga erishishda hokimiyatdan foydalanganini” aytgan. Prokurorga ko‘ra, Netanyaxu o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, ommaviy axborot vositalarini o‘z manfaatlari yo‘lida vaziyatni boshqacha yoritishga majbur qilgan. Liat Ben-Ari, shuningdek, ayblov to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ko‘plab dalillarga asoslanganligini ta’kidlagan.

Mahalliy OAVga ko‘ra, bir necha o‘nlab namoyishchi sud binosi yonida to‘plangan. Ular qo‘lida “jinoyatchi vazir”, deb yozilgan banner ko‘tarib olib, Bosh vazirning iste’fosini talab qilmoqda. Shuningdek, sud oldiga Netanyaxu tarafdorlari ham kelgan. Ular bo‘lsa, Netanyaxu rahbarlik qiladigan Likud partiyasining ramzini ko‘tarib olgan.

Bu Isroil Bosh vaziri shaxsan ishtirok etgan uchinchi tinglov edi. Keyinroq uning o‘zi ushbu jarayonlar xususida bayonot berishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, bugun mamlakat Prezidenti Reuven Rivlin Isroil [bir palatali parlamenti bo‘lgan] Knessetiga saylovlardan o‘tgan partiya rahbarlari bilan maslahatlashuv o‘tkazmoqda. Ular yig‘ilishda Prezidentga kimni Bosh vazirlikka nomzod sifatida ko‘rayotganini aytishi va qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Maslahatlashuv natijasida Isroil Prezidenti hukumatni shakllantirishni qaysi siyosatchiga ishonib topshirish bo‘yicha qaror chiqaradi.

Netanyaxuga qo‘yilgan ayblovlar uchta alohida ishga bo‘lingan. Ularning eng ichida eng jiddiysi “4000 ishi” nomi bilan tanilgan bo‘lib, unda Bosh vazir poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilganlikda ayblanmoqda.

Netanyaxu “1000 ishi” deb nomlangan ayblovda Bosh vazir sifatida taqdim etishi mumkin bo‘lgan ba’zi bir imtiyozlar evaziga ishbilarmonlardan sovg‘alar olganlikda gumon qilinmoqda.

“2000 ishi” bo‘yicha esa Netanyaxu “Yediot axronot” gazetasi egasi Arnon Mozes bilan til biriktirganlikda gumon qilinmoqda. Tergovga ko‘ra, raqib nashrga zarar yetkazish haqidagi va’da evaziga gazeta vazir to‘g‘risida ijobiy materiallarni chop etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing