Korrupsiya. Zelenskiy 2 vazirini ishdan oldi
Olam
−
13 noyabr 6727 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Energoatom” kompaniyasidagi korrupsiya ishi ortidan Adliya vaziri German Galushenko va Energetika vaziri Svetlana Grinchukni lavozimidan ozod etishni so‘radi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Prezident bu masalani “ishonch masalasi” deb atab, Bosh vazir Yuliya Sviridenkoga ularning iste’fosi haqidagi hujjatlarni tayyorlashni topshirgan.
Zelenskiy parlament deputatlaridan bu qarorni qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.
“Agar ayblovlar bo‘lsa, ularga javob berish kerak. Endi hammasi qonuniy yo‘l bilan hal qilinadi”, degan Zelenskiy.
Davlat rahbari, shuningdek, “Energoatom” ishi doirasida tilga olingan ikki shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritilishini ma’lum qilgan. Keyinchalik Bosh vazir Sviridenko bu shaxslar Temur Mindich va Aleksandr Sukerman ekanini tasdiqlagan. Ular tergovlar boshlanishidan sal oldin mamlakatni tark etgan.
Svetlana Grinchuk o‘zining iste’fo arizasini Facebook sahifasida e’lon qilib, “mening faoliyatim davomida hech qanday qonun buzilishi bo‘lmagan”, deya izoh qoldirdi. German Galushenko ham iste’fo arizasini yozganini Bosh vazir tasdiqlagan.
Ikkala vazir ham lavozimga 2025 yilning iyul oyida tayinlangan edi. Galushenko ilgari Energetika vaziri, Grinchuk esa Ekologiya vaziri sifatida ishlagan.
Live
Barchasi