Qozog‘istonda Xitoyga qarshi norozilik – Weekend
Tahlil
−
16 noyabr 8048 7 daqiqa
Joriy hafta oxirigacha dunyoda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.
Asadning pinjida bo‘lgan “Mossad” zobiti
Bashar Asaddan qolgan muammolar va uning qiynoqlar mashinasiga xizmat qilgan shaxslar bilan bog‘liq masalalar hali Suriya bilan juda uzoq yashaydiganga o‘xshaydi. Jumladan, Suriya harbiy razvedkasida eng yuqori lavozimlardan birini egallagan sobiq general Xolid al-Halabiy Avstriyada hibsga olinib, harbiy jinoyatlarda ayblangani haqida xabarlar tarqaldi. General hozirda Avstriyada Bashar Asad davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlanmoqda. O‘n yildan ortiq vaqt davomida u urush jinoyatlari bo‘yicha tergovchilardan qochib, Parij va Venada yashagan. Avstriya prokurorlariga ko‘ra, uni kamida ikkita G‘arb razvedka agentligi himoya qilgan.
Al-Halabiy o‘tgan yilning dekabr oyidan beri hibsda ekani ma’lum bo‘ldi. Mustaqil tergovchilarga uni topishga yordam bergan ma’lumotlardan biri uning Budapeshtdagi ko‘prikda tushgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fotosurati bo‘lgan. Avstriya tergovchilarining iddao qilishicha, Asad xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti 2013 yilda Suriyadan qochib ketgunga qadar Isroil razvedkasi “Mossad”da qo‘shaloq agent bo‘lib ishlagan. U Parijga borgan, biroq 2015 yilda sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan. Avstriya prokuroriga ko‘ra, “Mossad” va bir guruh avstriyalik razvedka xodimlari yordami bilan Al-Halabiy avtomobilda Yevropa bo‘ylab Avstriya chegarasiga yetkazilgan. Avstriya razvedkachilari mustaqil harakat qilib, uni Venaga kuzatib qo‘ygan. Ya’ni, uni qochirib yuborish harakatlarida Avstriya maxsus xizmatlarining ham qo‘li bo‘lgan. Keyinchalik esa ko‘rib turibmizki, Avstriyaning o‘zi Halabiyni mahkamaga tortmoqda.
Ma’lumot uchun, Suriyadagi eski rejim qurbonlari ushbu generalni 2011-2013 yillarda Asadga muxolif bo‘lganlarni qiynoqlarida qatnashgan shafqatsiz sadist deb biladi. Hozir 62 yoshda bo‘lgan Halabiy Suriya Bosh razvedka boshqarmasining Raqqadagi 335-bo‘limini boshqargan va shahar qulaganidan keyin Turkiya va Iordaniya orqali Yevropaga qochib ketgan. Unga Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlarida xavfsizlik xizmatlari qiziqish bildirgan. U Yevropada fosh etilgan qiynoqlarda gumon qilinayotgan Suriya hukumatining eng yuqori martabali amaldori hisoblanadi.
Zelenskiyning kursisi qimirlamoqda
Ukraina chirkin Sovet tuzumidan qolgan kir meroslar, jumladan, korrupsiya balosidan hali-hanuz qutulgani yo‘q. Mansab suiiste’moli rasmiy Kiyevni bugun ham qiynab kelmoqda. “Energoatom” mojarosi Ukraina uchun navbatdagi bosh og‘rig‘iga aylandi. Milliy antikorrupsiya byurosi va Ixtisoslashgan antikorrupsiya prokuraturasi ortda qolgan haftada davlat kompaniyasi bo‘lgan “Energoatom”da yirik korrupsion sxemasini fosh qildi. Milliy antikorrupsiya byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy tashkilotning asosiy faoliyati kontragentlardan shartnomalar qiymatining 10–15 foizi miqdorida doimiy ravishda noqonuniy daromad olishdan iborat bo‘lgan. Xususan, “Energoatom” kontragentlariga ko‘rsatilgan xizmatlar va yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni blokirovka qilishdan qutulish yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum etmaslik evaziga otkat to‘lash sharti majburiy tarzda qo‘yilgan.
Tergovchilar “Energoatom”dagi yirik korrupsiya sxemasini tashkil qilganlar sifatida moliyachi Aleksandr Sukerman va biznesmen Timur Mindichni keltirgan. Bu ishning oliy hokimiyatga zarar beradigan jihati shundaki, Mindich – Zelenskiyning ko‘p yillik yaqin hamkori va “Kvartal 95” studiyasining hammuassisi hisoblanadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, mazkur voqeadan keyin 13 noyabr kuni Vladimir Zelenskiy o‘zining ko‘p yillik hamkori Mindich va u bilan birga Sukermanga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Mindich va Sukerman davlat mukofotlaridan mahrum etildi, ularning Ukrainadagi aktivlari uch yilga bloklangan, savdo operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati to‘xtatildi va ularga Ukrainada yer uchastkalari sotib olish taqiqlandi.
10 noyabr kuni huquq-tartibot organlari Timur Mindichning uyida, “Energoatom”da va Ukraina adliya vaziri German Galushenkonikida tintuv o‘tkazdi. Ammo Mindich bundan sal oldin Ukrainadan chiqib ketgan edi. 12 noyabr kuni katta jamoatchilik muhokamalari fonida Ukraina Davlat chegara xizmati Timur Mindichning chegaradan o‘tishi holatlarini aniqlash maqsadida “ichki xizmat tekshiruvi” o‘tkazilganini va uning mamlakatdan chiqib ketishi qonunga muvofiq bo‘lganini ma’lum qildi.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, Ukraina Davlat chegara xizmati hech bir huquqni muhofaza qiluvchi organdan ushbu fuqaro davlat chegarasida aniqlangan taqdirda chegara inspektorlari amal qilishi lozim bo‘lgan biror-bir ko‘rsatma olmagan. Xususan, unga chiqishni taqiqlash, qidiruv yoki davlat chegarasini kesib o‘tgani haqida xabardor qilish to‘g‘risida biror topshiriq berilmagan.
Aytish o‘rinliki, ushbu voqea atrofidagi mojaro va tozalash ishlari bu bilan tugamadi. Zelenskiy “Energoatom” kompaniyasidagi korrupsiya ishi ortidan Adliya vaziri German Galushenko va Energetika vaziri Svetlana Grinchukni lavozimidan ozod etishni so‘radi. Prezident buni “ishonch masalasi” deb atab, Bosh vazir Yuliya Sviridenkoga ularning iste’fosi haqidagi hujjatlarni tayyorlashni topshirib, Oliy Rada deputatlaridan bu qarorni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi. Shundan so‘ng, Svetlana Grinchuk o‘zining iste’fo arizasini Facebook sahifasida e’lon qilib: “Mening faoliyatim davomida hech qanday qonun buzilishi bo‘lmagan”, deya izoh qoldirdi. Bosh vazir German Galushenko ham iste’fo arizasini yozganini tasdiqladi. Qizig‘i shundaki, ushbu ikkala vazir ham lavozimga 2025 yilning iyul oyida tayinlangan edi. Shu tariqa ular 4 oygina bu mansabda faoliyat yuritdi.
Albatta, butun dunyodan, ayniqsa, Yevropadagi hamkorlaridan yordam olayotgan paytda, Ukrainadagi bunday katta korrupsiya mojarosi Kiyevni yordam zanjiridan ma’lum darajada mahrum qilish xavfi mavjud edi. Lekin bu jarayon bosqin ostidagi va bir vaqtda butun Yevropani ham himoya qilayotgan Ukrainaning yordam ta’minotiga zarar yetkazmaydiganga o‘xshamoqda. Chunki 13 noyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashib, uni korrupsiyaga qarshi kurashni, ayniqsa, huquq ustuvorligi sohasidagi islohotlarni jadal davom ettirishga chaqirgan Germaniya kansleri Fridrix Mersning o‘zi Kiyevga yana 150 million yevro ajratishda asosiy rol o‘ynadi. Germaniya Ukraina uchun AQSH qurollarini xarid qilishni nazarda tutuvchi loyiha doirasida yana 150 million yevro ajratdi.
Qozog‘istonda Xitoyga qarshi norozilik
Qozog‘istonning Olmaota viloyati Uyg‘ur tumanida 30 ga yaqin kishi Xitoy bayrog‘i va Xitoy yetakchisi Si Szinpin portretini yoqib yuborgan holda norozilik namoyishi o‘tkazdi. “Orda.kz”ning xabar berishicha, namoyishchilar Qozog‘iston fuqarosi Alimnur Turg‘anboyning Xitoyda hibsga olinishiga qarshi chiqqan. Nashr bilan suhbatlashganlarning biri Alimnur Xitoyda to‘rt oydan beri hibsda saqlanayotgani, o‘shandan beri Xitoy bu borada hech qanday aniq javob qaytarmaganini aytgan. Ular Alimnur Qozog‘iston fuqarosi ekani va Xitoy uni qo‘yib yubormaguncha qarshilikni davom ettirishlarini bildirgan.
“U hech qanday sababsiz hibsga olingan. Xitoyliklar birodarlarimizni lagerda ushlab turibdi”, degan yana bir kishi.
Namoyish chog‘ida odamlar qozoq va xitoy tillarida aholiga murojaat qilgan, shundan so‘ng ular Xitoy bayrog‘i va Xitoy rahbari portretini yoqib yuborgan. Voqea joyiga politsiya yetib borgan va namoyishchilarni hibsga olgan. Keyinroq Olmaota viloyati politsiya departamenti matbuot xizmati ruxsat etilmagan namoyishning 12 ishtirokchisi 15 kungacha hibsga olingani haqida xabar berdi. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 434-moddasi (mayda bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yana olti nafari taxminan 150 dollar miqdorida jarimaga tortilgan. Nafrat qo‘zg‘ash harakatlari uchun esa alohida jinoyat ishi ochilgan. Politsiya davlat ramzlariga nizo qo‘zg‘atuvchi hujumlar qo‘pol qonun buzilishi ekanini eslatib, aholini bunday harakatlardan tiyilishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Alimnur Turg‘anboy asli Shinjondagi Ili qozoq muxtor prefekturasidan. Bu Xitoy shimoli-g‘arbida joylashgan hudud. U 2017 yilda Qozog‘iston fuqaroligini olgan, o‘tgan yilning yozida u Xitoy chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan va shundan beri qarindoshlari bilan aloqada bo‘lmagan. Avgust oyida Turg‘anboyning rafiqasi va qizi Olmaota shahar ma’muriyati binosi oldida Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga videomurojaat yo‘llagandi. Ular Turg‘anboyni Qozog‘istonga qaytarishda yordam so‘ragan.
Respublika rasmiylariga ko‘ra, erkakning hibsga olinishi uning ikki fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, biroq Turg‘anboyning oilasi u Xitoy fuqaroligidan rasman voz kechganini da’vo qilmoqda. Uning qarindoshlari Xitoy konsulligi va Tashqi ishlar vazirligi binosi oldida bir necha bor norozilik namoyishlari o‘tkazgan, ular bu uchun hibsga olingan va jarimaga tortilgan.
Live
Barchasi