Yevropa Ukraina bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralarga tayyor – Mers
Olam
−
06 iyun 3732 1 daqiqa
Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa Ukraina mojarosini tartibga solish masalasida Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u Chernogoriyaning Tivat shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – G‘arbiy Bolqon sammitidagi bayonotida aytgan.
“Biz muzokaralarga tayyormiz”, degan Mers.
Uning ta’kidlashicha, bunday formatdagi muzokaralarda yevropaliklar ham ishtirok etishi tabiiy hol.
“Mening fikrimcha, yevropaliklar bunday muzokaralar stolida o‘tirishi mutlaqo tabiiy”, degan Germaniya kansleri.
Mers Ukraina mojarosini hal etish Yevropa Ittifoqining tub manfaatlariga mos kelishini qayd etib, Yevropa tomoni muzokaralarga intilish borasida sustkashlik qilmasligini bildirgan.
Shuningdek, u 7 iyun kuni Londonda Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlari formatida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, keyingi qadamlarni muhokama qilishini ma’lum qilgan.
Qayd etish joiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 9 may kuni jurnalistlar bilan muloqotda Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar uchun Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder maqbul nomzod bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Putin, shuningdek, Rossiya tomoni hech qachon muzokaralar uchun yopiq bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Live
Barchasi