Italiyada bolalarga jinsiy tarbiya fani taqiqlandi
Olam
−
06 iyun 3491 2 daqiqa
Italiya maktablarida ota-onalarning roziligisiz o‘quvchilarga jinsiy tarbiya berish taqiqlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni boshchiligidagi o‘ng qanot hukumat ilgari surgan islohotga ko‘ra, endilikda Italiya maktablarida jinsiy tarbiya bo‘yicha mashg‘ulotlar ota-onalarning roziligisiz o‘tkazilmaydi. Shuningdek, yangi qoidalarga binoan, bunday ta’lim bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich maktablar dasturidan chiqarib tashlanadi.
Ta’lim vaziri Juseppe Valditara homiyligidagi qonun loyihasi 4 iyun kuni Senatda yakuniy ma’qullovdan o‘tgan. Muxolifat partiyalari ushbu qarorni tanqid qilib, bu o‘smirlarning muhim ma’lumotlardan foydalanishini cheklashi mumkinligini ta’kidlagan.
“Jinsiy tarbiyani ota-onalar roziligiga bog‘lash – xuddi italyan adabiyoti yoki tarix fanini o‘qitish uchun oilalardan ruxsat so‘rash bilan barobar. Bu davlat maktablarining ta’lim berish vazifasiga xiyonat qiluvchi institutsional bema’nilikdir”, deydi so‘l Alyans partiyasi hamraisi Anjelo Bonelli.
Valditara esa ovoz berishdan so‘ng mazkur islohot voyaga yetmaganlarni “gender targ‘iboti keltirib chiqarayotgan chalkashliklardan” himoya qilishini va ota-onalar farzandlari ta’limi uchun mas’ul ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilni qayta tiklashini aytgan.
Yangi qonunga muvofiq, maktablar jinsiy tarbiya bilan bog‘liq har qanday tadbir haqida oilalarni kamida yetti kun oldin xabardor qilishi kerak. Xabarnomada tashqi mutaxassislar yoki ishtirok etuvchi tashkilotlar haqida ham batafsil ma’lumot berilishi lozim.
An’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qiluvchi katolik tashkiloti – Pro Vita & Famiglia ushbu chorani olqishlagan. Tashkilotga ko‘ra, bu ota-onalarga o‘zlari nomaqbul deb hisoblagan tashabbuslarni rad etish imkonini beradi.
“Ota-onalar oldindan ma’lumot olib, gender o‘zgaruvchanligi, abort, surrogat onalik va voyaga yetmaganlar orasida jinsiylikka oid mafkuraviy qarashlarni targ‘ib qiluvchi nomaqbul loyihalarni aniqlash va rad etish imkoniga ega bo‘ladilar” deydi tashkilot vakili.
Ma’lumot uchun, Italiyada jinsiy tarbiya ko‘plab Yevropa mamlakatlaridan farqli ravishda majburiy fan hisoblanmaydi. Save the Children tashkilotining 2025 yilda o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, italiyalik o‘smirlarning atigi 47 foizi maktabda jinsiy tarbiya olgan.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust