Korrupsiya – yadro qurolidan ham jiddiyroq xavf

Foydali

image

Ba’zida arzimas bo‘lib ko‘ringan, aslida jamiyat rivojiga bolta uruvchi, ammo yo‘qotib bo‘lmas kuchga ega bo‘lgan ijtimoiy hodisa – bu korrupsiyadir. Hayotimizning har bir jabhasida uchrab turadigan bu jo‘ngina so‘z quyidagi ta’rifga ega. Korrupsiya – davlat organlari xodimlarining moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy, shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan jarayon.

Korrupsiya shunchaki pul oldi-berdisi emas. Balki tanish-bilishchilik, qarindosh urug‘chilik, mahalliychilik kabi bir qancha ko‘rinishlarga ega.

Tug‘riqxonada yaxshiroq qarashlari uchun “suyunchi puli” berasan, yaxshiroq bog‘cha, yaxshiroq maktab uchun ham pul kerak. Oliy o‘quv yurtini-ku aytmasa ham bo‘ladi. O‘qishga kirishdan tortib, diplom olgunga qadar pul. Diplomni olib kattaroq pul bilan ishga joylashasan. To‘kilganlarning o‘rnini to‘ldirish, shuncha yil bu lavozimga kelguncha sarflagan  xarajatlaringni chiqarib olish uchun o‘zing ham pora olasan. Keyin pensiya yoshiga yetgach, unda ham pora. Ko‘proq nafaqa pul yozdirishing uchun kimlarning eshigida haligini bersam ekan, deb sarg‘ayasan. Eng achinarlisi, qabristonda yaxshiroq joy olish uchun ham go‘rkov bilan “gaplashish”ing kerak.

Hali hech bir davlat bu qusurda batamom qutulolgan emas. Ammo ba’zi mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi olib brogan harakatlari havas qilarli darajada.

Singapur tajribasi

Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurashish namunasi sifatida Singapurdagi islohotlarni ko‘rsatish mumkin. Bu davlat qisqa vaqt ichida Osiyoning qoloq mamlakatidan dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga kira oldi. Buning zamirida esa korrupsiyaga qarshi kurash yotadi.

Singapurda barcha mansabdorlarning maoshlari sezilarli darajada oshirildi, sud tizimi mustaqilligi ta’minlandi, pora olganlik va berganlik uchun jazo keskinlashtirildi. Shu bilan bir vaqtda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi haqida jamoatchilikni xabardor qilib turuvchi mustaqil OAV shakllantirildi.

Davlat rahbari Li Kuan Yuning korrupsiya ustidan g‘alaba qozonishni istagan inson o‘z qarindoshlari va yaqin do‘stlarini ham qamashga tayyor bo‘lishi kerakligi haqidagi mashhur iborasi mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash ayovsiz bo‘lganidan dalolat beradi.

Xitoy tajribasi

Agar Singapurda korrupsiyachi amaldor ma’lum muddat qamoq jazosiga hukm etilgan bo‘lsa, Xitoyda bu uchun bir umrlik qamoq yoki o‘lim jazosi tayinlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2003 yildan beri bu davlatda 10 mingga yaqin mansabdoroliy jazo – o‘limga hukm qilingan, 120 ming nafari esa uzoq muddatga qamalgan. Ayrim holatlarda pora bilan ushlangan amaldorlarning qo‘llari chopilgan.

Hongkong tajribasi

Xitoyning shundoqqina yonida joylashgan Hongkongda korrupsiya botqog‘idan chiqish uchun quyidagi choralar amalga oshirildi: davlat amaldorlari barcha mulklari, avtomobillari va boshqa qimmatbaho buyumlarini halol yo‘l bilan topgan mablag‘lariga sotib olganini isbotlab berishi lozim.

Ikkinchidan, 1974 yilda bu yerda “Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiya” tashkil etilgan bo‘lib, komissiya ofitserlar, ziyolilar va biznesmenlardan tashkil topgan. Ular o‘ta katta miqdorda maosh olishadi va faqatgina gubernatorga bo‘ysunishadi.   

Va nihoyat, Hongkong aholisi va OAV vakillariga poraxo‘rlikka qarshi kurashish uchun keng imkoniyat berilgan – fuqarolar pora so‘ragan amaldor ustidan komissiyaga shikoyat qilishi, jurnalistlar esa har qanday amaldor faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazishlari mumkin. Natija esa hayratlanarli – 30 yil ichida poraxo‘rlik darajasi 90 foizdan 3 foizga tushgan.

Daniya tajribasi

Daniyada qonunga so‘zsiz itoat qilish, barchaning axloq tamoyillariga rioya qilishi jamiyatni samarali boshqarishning asosiy uslubi hisoblanadi. Ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida hamma birdek javobgar bo‘lib, ma’muriy yoki jinoiy harakati uchun mas’uliyatdan hech kim qochib qutula olmaydi. Mashinasida tezlikni oshirgani uchun Daniya qirolichasining o‘g‘li, shahzoda Yoaxim jarima to‘lagan va matbuotning keskin tanqidiga uchragan. Turmush o‘rtog‘i o‘z fermasida xorijlik ishchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ishlatgani uchun vazirlardan biri iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan.

AQSH tajribasi

Qo‘shma Shtatlarda ham korrupsiyaga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilgan: poraxo‘r olingan poraning uch baravari miqdoridagi jarima, ayrim hollarda esa 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, banklar rahbarlarining ularning faoliyatini tekshiruvchi nazoratchilarga pul “sovg‘a” qilishlari ta’qiqlangan bo‘lib, buning uchun ularni jinoiy javobgarlik kutadi. Xuddi shunday javobgarlik tekshiruvchilar uchun ham taalluqli.

Xo‘sh, O‘zbekistonda bu illat bilan qanday kurash olib borilmoqda? 

O‘zbekiston 2008 yil 7 iyulda BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasiga, 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shildi. 
O‘zbekistonda 2017 yilning 4 yanvaridan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 27 may kuni “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi” farmon imzolandi. Farmon bilan 2019−2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi qabul qilindi.

Qolaversa, Prezident farmoni bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishdan iborat. 

Olib borilgan islohotlarga qaramay, mamlakatda korrupsion holatlar tez-tez uchrab turibdi. 

Transparenciy International Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash tashkiloti 2018 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksida e’lon qilishicha, O‘zbekiston 100 ballik indeks bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan 1 ball ko‘proq natija qayd etgan — 23 ball. Biroq mamlakat reytingi 1 bandga pastlab, 180 davlat va hududlar orasida 158-o‘rinni egalladi.

So‘zimizni oligarx Mixail Xodorkovskiyning ajoyib bir fikri bilan yakunlasak: korrupsiya – yadro qurolidan ham jiddiyroq xavf. Terrorchilar yadro quroliga ega bo‘lish uchun kerakli odamlarni pora bilan sotib olishlari kifoya qiladi.

Karim Zaripov


Maqola muallifi

Teglar

Korruptsiya

Baholaganlar

78

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing