Korrupsiya haqida xabar berganlar mukofotlanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda korrupsiya holatlari haqida huquq-tartibot organlariga xabar berganlar pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Buning uchun Davlat byudjetidan 300-500 mln so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi belgilandi. Loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokmasi portaliga joylashtirildi.

Unga ko‘ra, Quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

a) korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun ‒ bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari;

b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:

•    ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ besh baravar;

•    uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ yetti baravar;

•    og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n baravar;

•    o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar;

v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lsa, bazaviy hisoblashning quyidagi miqdorida:

•    ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n baravar;

•    uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun ‒ o‘n besh baravar;

•    og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma baravar;

•    o‘ta og‘ir jinoyat uchun ‒ yigirma besh baravar;

g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

•    ancha miqdor (BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha) uchun ‒ o‘n besh foizi;

•    ko‘p yoki juda ko‘p miqdor (BHMning 300—500 baravarigacha hamda 500 baravar va undan ko‘p) uchun ‒ o‘n foizi.

Hujjatda aytilishicha, Davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun har yili qo‘shimcha o‘rta hisobda 300-500 mln so‘m mablag‘lar talab etiladi.

Quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

•    fuqaroning o‘ziga nisbatan talab qilgan shaxs haqida tegishli organlarga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;

•    rasmiy idoralar vakillarining o‘ziga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida yoxud o‘ziga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi;

•    korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga bergan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno.

Loyiha Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan va 3 sentyabrga qadar muhokamada bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

124

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing