Koronovirus alomatlari endi sezilayotgan bemor qaysi diagnostik tekshiruvdan o‘tishi kerak?
Jamiyat
−
01 Oktabr 2020
15873Bugun butun dunyoda tobora kengroq tarqalib borayotgan COVID-19 koronavirus infeksiyasi inson organizmiga kirganidan keyin dastlabki bosqichda alomatlar namoyon bo‘lmaydi. Ho‘sh, kasallik alomatlari endi paydo bo‘la boshlagan yoki o‘zini virus yuqtirib olganini gumon qilganlar qanday laborator diagnostika usulidan o‘tishi kerak? Qaysi biri bu davrda aniq javob olish imkonini beradi?
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatovaning ta’kidlashicha, koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tish uchun avvalo shifokor ko‘rigidan o‘tish kerak. Shifokor ko‘rigidan o‘tgan kishida kasallik alomatlari bo‘lsa va epidemiologik ko‘rsatma berilsa, uni koronavirusda gumon qilib tekshirish mumkin.
PZR — Polimeraza zanjir reaksiya. Bunda yuqori nafas yo‘llari shilliq qavatidan olingan namunada koronavirusning genetik materiali (RNK) bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Namuna olish nisbatan tez va og‘riqsiz kechadi.
Bu analiz kasallikning inkubatsion (yashirin) davrida ham ijobiy natija olish va barvaqt tashxis qo‘yish imkonini beradi. Virus organizmga kirganiga 5-7 kun bo‘lgandan boshlab musbat natija olish mumkin. JSST bu usulni COVID-19 diagnostikasining asosiy usuli sifatida tavsiya qilgan.
Antitela ekspress test — bu usul COVID-19 kasalligining kechish darajasini aniqlab beruvchi qo‘shimcha tekshiruv usuli hisoblanadi. Bunda bemordan olingan qon namunasida koronavirusga qarshi organizmda ishlab chiqarilgan antitanachalar, ya’ni IgM yoki IgG immunoglobulinlari mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash mumkin.
Immunoglobulinlar — oqsil tabiatli moddalar bo‘lib, gumoral immunitetning viruslarga javob reaksiyasi natijasida hosil bo‘ladi: IgM miqdori qonda kasallikning erta davrida ortadi.
IgG miqdori esa qonda biroz kechroq namoyon bo‘ladi. IgG mavjudligi bizga COVID-19 ga qarshi immunitet bor yoki yo‘qligini ham aniqlab beradi.
Mutaxassisning xulosasiga ko‘ra, ekspress testlar orqali kasallikning inkubatsion davrini aniqlab bo‘lmaydi. PZR usulida esa virusga nisbatan organizmda immunitet bor yoki yo‘qligini aniqlab bo‘lmaydi. Kasallik belgilari mavjud bo‘lgan bemorlar uchun har ikki usul ham samarali.
LiveBarchasi