Koronavirusning “omikron” shtammini aniqlagan shifokor uning belgilarini ma’lum qildi
Olam
−
29 noyabr 2021
19306Koronavirusning “omikron” shtammi haqida ogohlantirgan janubiy afrikalik shifokor Anjelik Kutze yangi shtammning belgilarini sanab, ularni noodatiy, ammo yengil ekanini aytdi. Bu haqda u “The Telegraph” nashri bilan suhbatda aytib o‘tgan.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda uning JAR poytaxti Pretoriyadagi COVID-19 bilan kasallangan bemorlari orasida qattiq charchoqdan shikoyat qilayotgan kelib chiqishi turli millatlarga mansub yoshlar paydo bo‘lgan. Ulardan hech biri ta’m yoki hid bilish sezgisi yo‘qolishidan shikoyat qilmagan. Shuningdek, Kutze tomir urishi tezlashgan va isitmasi yuqori bo‘lgan olti yoshli bilan bog‘liq holatni yodga olgan.
“Ularning belgilari men ilgari duch kelganlardan g‘oyat farq qilardi, yengil shaklda namoyon bo‘lardi”, deydi shifokor.
Kutze yigirmadan ortiq shunga o‘xshash alomatlari bo‘lgan bemorlarni qabul qilgani va ularda kovid tasdiqlanganini aytgan. Ularning deyarli bari sog‘lom erkaklar bo‘lgan. Yarmi emlanmagan bo‘lgan.
U 18 noyabr kuni o‘zining oila a’zolarining to‘rt nafarida kuzatilgan koronavirus uchun xos bo‘lmagan alomatlarga e’tibor qaratgan. Ularning kovidga topshirgan testi musbat chiqqan, shu bilan birga ular o‘zlarini juda horg‘in his qilishgan.
Noodatiy alomatlar bilan kelgan bemorlarda koronavirus aniqlangach, Kutze birinchilardan bo‘lib JAR hukumatini mamlakatda yangi shtamm tarqalayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
U emlanmagan keksa odamlarda “omikron” shtammi kasallikning og‘ir shakliga olib kelishidan havotirda, ayniqsa, surunkali kasalliklar (qandli diabet va yurak yetishmovchiligi) mavjud bo‘lganda.
LiveBarchasi