Koronavirusning “omicron” shtammi Yaponiyaga kirdi
Olam
−
30 noyabr 2021
5569Yaponiyada Tokioning Narita aeroporti hududida koronavirusning yangi “omikron” shtammi bilan kasallanishning birinchi holati aniqlandi. Bu haqda “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, shtamm Namibiyadan uchib kelgan 30-40 yoshlardagi erkakda aniqlangan. Chegarani kesib o‘tishda unga koronavirus tashxisi qo‘yilgan, uning o‘zi izolyasiya qilingan. Shundan so‘ng shifokorlar “omikron” shtammi mavjudligi bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazgan, bu esa ijobiy natija bergan.
“Omikron” shtammining dunyoda tarqalishi munosabati bilan Yaponiya joriy yilning 30 noyabridan boshlab xorijiy ishbilarmonlar, talabalar va texnik malaka oshiruvchilar uchun uch haftalik sayohat imtiyozlarini bekor qildi va yana barcha mamlakatlar fuqarolari uchun yangi vizalar berishni to‘xtatdi.
Bunday choralar ekspertlar yangi shtamm xavfi haqida xulosa chiqargunga qadar bir oy davomida amal qiladi. Agar zarurat tug‘ilsa, rasmiylar kirish cheklovlarini uzaytiradi.
Yaponiya 30 noyabrdan boshlab viza berishni to‘xtatib qo‘yishdan tashqari, 23 mamlakat va mintaqadan kelganlar uchun karantin talablarini ham oshirdi. Avstriya, Avstraliya, Belgiya, Daniya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, shuningdek Gonkong va Kanadaning Ontario provinsiyasidan kelganlar uchun maxsus muassasalarda uch kunlik karantin joriy etilgan. Buyuk Britaniya, Isroil, Italiya va Niderlandiyadan kelganlar uchun esa olti kunlik karantin joriy etiladi. Bundan tashqari, Afrikaning to‘qqizta davlatidan, jumladan Angola, Janubiy Afrika, Zimbabve va Namibiyadan kelganlar o‘n kunlik karantinga yuboriladi.
Ma’lumot o‘rnida, noyabr oyining oxirida Janubiy Afrika olimlari birinchi bo‘lib “omikron” shtammi paydo bo‘lgani haqida xabar berdi. Shtamm juda ko‘p mutasiyalarga ega, bu esa uni yanada yuqumli va vaksina immunitetini chetlab o‘tish uchun yaxshiroq moslashtirishi mumkin.
Janubiy Afrikadan tashqari, “omikron” Gonkong, Avstraliya va bir qator Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida aniqlangan. “Omikron”ning tarqalishi tufayli Isroil chet el fuqarolari uchun chegaralarini yopgan birinchi davlat bo‘ldi.
LiveBarchasi