“Surish” kerakmi? Xorijdagi o‘zbek yoshlari nima deydi?
Tahlil
−
30 iyun 2023
37588O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Respublikaning 18 milliondan ziyod aholisini yoshlar tashkil etadi, bu umumiy aholining qariyb 50 foiziga tengdir. Ammo so‘nggi yillarda yoshlar o‘rtasida ommalashayotgan “surish kerak” heshtegi ostidagi chellenj O‘zbekistonni yoshlar mamlakati emas, balki butun dunyoga yoshlarni ishchi kuchi sifatida tayyorlab berayotgan mamlakat sifatida ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar nega o‘z vatanidan ko‘ra, chet elda rivojlanishni, karerasini yo‘lga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda? Bugun, 30 iyun – O‘zbekiston yoshlari kuni munosabati bilan QALAMPIR.UZ chet elda o‘qiyotgan, ishlayotgan va yosh bo‘lishiga qaramay, yutuqlarga erishayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning xorijiy mamlakatlar va O‘zbekiston haqidagi fikrlarini eshitdi.
AQSH, Koreya, Irlandiya, Yaponiya, Germaniyaga qadami yetgan yoshlar
Azizbek Hamdamov: Yoshim 20 da. Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilganman. Yoshligimdan til o‘rganishga qiziqishimni payqagan onam meni rus tilini o‘qitishga ixtisoslashgan maktabga bergan. Maktabni a’lo baholarga tugatgach, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyga qabul qilindim va u yerda matematika va ingliz tilini chuqurroq o‘rgandim. Natijada o‘sha yili IELTS xalqaro imtihonidan 7,5 ball olib, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster hamda Turkiyaning Toshkentdagi TOBB ETÜ universitetlariga grant asosida qabul qilindim. Chet elda o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim ustunlik qilib, bu universitetlarda o‘qishni rad etdim. O‘sha yili Amerikada xalqaro huquq va diplomatiya sohasi bo‘yicha grant asosida o‘qishga kirdim. Xorij davlatida yashash xarajatlarini hisobga olgan holda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantini yutish maqsadida tanlovga topshirdim va g‘olib bo‘ldim. Hozirgi kunda AQSHdagi University of Cincinnati'da huquq va diplomatiya yo‘nalishida ta’lim olib kelmoqdaman. Shu bilan birga arab davlatlari iqtisodiyotiga qiziqishim sababli ikkinchi yo‘nalish sifatida arab tili va madaniyatini o‘rganib kelmoqdaman.
To‘maris Rahmatova: 24 yoshdaman. Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilganman. O‘zbekiston Milliy universitetining ingliz tili yo‘nalishida bakalavr bosqichini tamomlaganman. Hozirda Koreyadagi Busan University of Foreign Studies’da ingliz tili yo‘nalishida magistratura bosqichida o‘qib kelmoqdaman. Bu yerda o‘qib, ingliz tili o‘qituvchisi sifatida o‘quv markazda hamda maktabda ishlab kelyapman. Ingliz tili bo‘yicha 7 yildan ortiq tajribaga egaman.
Qudratxo‘ja Musayev: Yoshim 25 da. Farg‘ona shahrida tug‘ilganman. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichini tamomlaganman. Dasturchi sifatida 4 yildan beri ishlab kelyapman va shu paytgacha ko‘plab loyihalarda dasturchi, bosh dasturiy muhandis, yetakchi dasturchi bo‘lib ishlaganman. Joriy yilning sentyabr oyidan esa Mastersard kompaniyasining Dublin ofisida dasturiy muhandis sifatida ish boshlash arafasida turibman. Bundan tashqari, ijtimoiy startap loyihalari bo‘lgan – EventGO va GrantGO loyihalari asoschisi hisoblanaman. Hozirda Irlandiyaning University College Cork universitetida Information Systems for Business Performance yo‘nalishida “Irlandiya Hukumati granti” dasturi doirasida magistratura bosqichida o‘qiyapman.
Esmera Mardonova: 25 yoshdaman. Samarqand viloyatida tug‘ilganman. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yapon tili filologiyasi yo‘nalishida bakalavr bosqichini tugatganman. 2022 yil kuz faslida bo‘lib o‘tgan HUMAP (O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li tashkiloti rahbariyati va Higashikawa shahar hokimligi tomonidan o‘tkazilgan) dasturida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Hozirda Yaponiyaning Hokkaydo prefekturasidagi Higashikawa til maktabida to‘liq grant asosida tahsil olyapman.
Gullola Mirzayeva: Yoshim 26 da. Farg‘ona shahrida tug‘ilib o‘sganman. O‘rta ta’limni Farg‘ona shahrining nemis tiliga ixtisoslashtirilgan 10-maktabida olganman. Keyinchalik Farg‘ona pedagogika instituti qoshidagi Yormozor akademik litseyida o‘qiganman. Nemis tiliga qiziqishim sababli O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bakalavr darajasini tamomlaganman. Hozirda Germaniyaning Regelschule oliy ta’lim muassasasida ona tili nemis tili bo‘lmagan 5-9-sinf o‘quvchilarga ushbu tildan dars beraman.
“O‘zbekistonda olgan diplomimga qaramasdan salohiyatimni obdon tekshiruvdan o‘tkazishdi...”
Azizbek: Chet elda, xususan, dunyoning eng yetakchi davlatlaridan bo‘lgani uchun AQSHda ta’lim juda yuqori. Lekin O‘zbekistonda ham yillar o‘tishi bilan ta’limga bo‘lgan e’tibor yaxshilanib bormoqda. Farqli tomonlariga e’tibor bersak, bu yerdagi universitetlarda dars beruvchilar hammasi professor bo‘ladi, talabalarga ko‘plab erkinliklar beriladi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar ta’minlangan. Bundan tashqari, STEM fanlari uchun tashkil qilingan zamonaviy laboratoriyalar, tajriba xonalar va jihozlar bizdan bir muncha ilgarilab ketgan.
To‘maris: Tan olish kerak, O‘zbekistonda ta’lim darajasi ancha sust. Koreyada o‘qituvchilarning talabalarga qo‘ygan talablari juda ham kuchli. Bu yerda pedagoglarning qadri baland, ularga baland gapirish mumkin emas. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar o‘qituvchining gapi to‘g‘ri hisoblanadi. Lekin ular bundan o‘z manfaati uchun foydalanmaydi. Qanday holat-vaziyat bo‘lishiga qaramasdan ular talabani xolis, adolatli baholaydi. Ular judayam prinsipial. Bu yerda iloji boricha kech qolmaslikka harakat qilish kerak. Yana bir tarafi, ustozlar darsda bor e’tiborini talabalarga qaratadi, o‘zlaridagi barcha bilimni berishga harakat qiladi va shunga yarasha talab ham qiladi. Bu yerda shuni tushundimki, O‘zbekistondagi universitetlarda ta’lim berish metodikasi eski, o‘tgan zamonda qolib ketgan. Shuningdek, qo‘yilayotgan talablar ham hozirgi zamonga mos kelmaydi.
Qudratxo‘ja: Ta’limdagi asosiy farq berilgan vazifalar va imtihonlarda bilinadi. Irlandiyada har bir vazifa bizdagi kamida bitta kurs ishidek va talablar ham ancha qattiqroq. Ko‘chirmakashlik, sitatalarni to‘g‘ri qo‘yish va “dedlayn”ga amal qilish bo‘yicha qat’iy talablar bor. Imtihonlar ham bizdagi 1 avgust imtihonlari kabi katta zallarda o‘qituvchilarning ishtirokisiz, to‘la nazorat ostida o‘tadi. Hech qanaqasiga o‘qituvchilar bilan “kelishish” imkonsiz, kasallik va shu kabi jiddiy sabablardan tashqari. Dars jarayonlari, ayniqsa, ma’ruzalar o‘zimizdagiga juda o‘xshash. O‘qituvchilar prezentatsiya orqali mavzuni tushuntirib beradi. Bu borada ularni maqtay olmayman va o‘zlariga ham bu tizim hozirgi zamon talabiga javob bermasligini aytganman. Ya’ni siz darsda o‘tirib aqlli bo‘lib qolishni kutmasligingiz kerak. Men ham kelishimdan oldinroq bu narsani o‘zim uchun bilardim va shu sabab xafa bo‘lmaganman ham. Men doim “dars vaqti emas, darsdan tashqari vaqt sizni aqlli qiladi”, deb aytaman.
Esmera: Farq shu darajada kattaki, o‘xshatib yoki qiyoslab bo‘lmaydi. Bizda ta’limni oyog‘iga bolta uradigan barcha jihatlar: darslik, formadan tortib, to o‘quv jarayonini tashkil etishgacha bo‘lgan jarayon hammasi umuman ahmoqona prinsiplar asosiga qurilgan. Talab qilinadigan narsalar hech biri ta’lim rivojiga hissa qo‘shmaydi. To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda bir muncha qabul kvotalari soni oshgani, borgan sari universitetga kirish osonlashib borayotganini quvonchli holat deb qabul qilishyapti. Masalan, magistratura bosqichida tahsil olish uchun qizlar kontrakt to‘lovlaridan ozod qilingani va hokazo. Son oshgani quvonarli holat emas. Negaki, sifat bo‘lmasa tahsil olgandan ma’no yo‘q. Oliy ma’lumotli bo‘la turib umuman qora mehnat qilayotgan odamlarchalik maosh olmaydigan joyda ishlash aqlga sig‘maydi. Bu juda achinarli holat. Chetda o‘qishga kelsak, albatta, ko‘pchilik cho‘ntagidan to‘lab tahsil olishga qurbi yetmaydi. Viza olish qiyin. Chet elda o‘qish uchun ajratilgan grantlar juda ko‘p ixtisosliklarda umuman yo‘q hisobi. Borlari ham ta’lim olayotganlar soniga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Chet elda o‘qib, ishlab dunyoqarash, bilim ortgach, odam yurtiga qaytishni xohlamaydi.
Gullola: Germaniya va O‘zbekistondagi ta’limning farqlari talaygina, lekin asosiy 3 ta farqni sanab o‘taman.
- Birinchisi, bu o‘qishga kirish oson, o‘qish esa qiyinligi. Menimcha, O‘zbekistonda talabalik qatoriga kirish qanchalik qiyinligi hech kimga sir emas. Shaxsan o‘zim ham kirish imtihonlariga 3 yil litsey davrimda tinmay tayyorgarlik ko‘rganman. Lekin qanchadan qancha yoshlar o‘qishga kirish orzusi bilan yashaydi. Eng achinarlisi, shuncha mashaqqatli tayyorgarliklar bilan o‘qishga kiriladi, lekin undan keyingi o‘qish jarayoni ko‘zni quvontiradigan darajadagi sifatga ega emas. Germaniyada esa buning mutlaqo teskarisi, ya’ni siz bir vaqtning o‘zida istalgan universitetga istagancha ariza topshirsangiz bo‘ladi. Biroq haqiqiy o‘qish qabul qilinganingizdan keyin boshlanadi.
- Ikkinchi farq, bu har bir ta’lim sohasidagi pedagoglarning o‘z kasbini haqiqiy mutaxassislari ekani va pedagoglarga o‘z sohasi bo‘yicha rivojlanish uchun sharoitlar ko‘pligi. Hozirda o‘qituvchi bo‘lib ishlayotganim sababli keltirib o‘tgan farqni tez-tez uchratmoqdaman. O‘qituvchi bo‘lib ishlagunimga qadar diplomim borligiga qaramasdan imtihonlar topshirib, bir necha bosqichlardan o‘tib keldim. Ya’ni meni o‘qituvchilik salohiyatimni obdon tekshiruvdan o‘tkazishdi. Undan tashqari shu kunga qadar qancha seminar va malaka oshirish darslariga bordim. Bunday tadbirlarda nafaqat yosh o‘qituvchilar, balki malakali o‘qituvchilar ham faol qatnashadi. Yillar davomida faoliyatiga qaramasdan o‘z ustida ishlaydi va doimiy yangi bilimlarga chanqoq bo‘ladi.
- Uchinchi farq esa, bu o‘quv materiallarining yetarli darajada ekani. Germaniyada har bir universitet va hatto har bir kattayu-kichik shaharlar o‘z kutubxonalariga ega va u yerda istalgan soha uchun keragidan ortiq kitoblar mavjud. Lekin bizda esa kutubxonalardagi kitoblar talabalar foydalanishga olib uni qaytarib bermaganliklari oqibatida kamayib ketadi, izlagan kitobingizni har doim ham topa olmaysiz yoki materiallar eski bo‘ladi. Hozirgi zamonda bilimlar, ma’lumotlar kundan kunga o‘zgaradi, yangidan yangi kashfiyotlar, izlanishlar olib boriladi. Shu sababli manbalar soni ham oshib boraveradi. Yangi bilimlardan ortda qolmaslik maqsadida bunday kitoblarni o‘qish har bir kasb egasi uchun juda muhim hisoblanadi.
“O‘z farzandlarini o‘z yurtida ushlab qolish uchun yetarlicha kuch kerak…”
Azizbek: Hozirgi kunda o‘zbekistonlik ko‘plab kuchli kadrlar chet elda ishlamoqda. Fikrimcha, bunda O‘zbekistonning ayrim davlat korxonalaridagi muhit va boshqaruv sistemasi katta rol o‘ynaydi deb o‘ylayman. Bundan tashqari, chet elda ta’lim olgan talabalarning ko‘pi o‘z yonidan harajat qilib o‘qiydi va bilamizki chet elda kontraktlar qimmatligi bois ular ko‘p harajat qiladi. Shuning uchun ham ularga O‘zbekistonda beriladigan oylik ularni qoniqtirmaydi.
To‘maris: Menimcha, yoshlarni chetga intilishiga asosiy sabab yuqori darajadagi ta’limga ega bo‘lish deb hisoblayman. Afsuski, O‘zbekistonda esa bu boshqacha, yuzakidek ko‘rinadi. Bu yerda o‘qiyotganingiz, yangi bilim olayotganingiz o‘zingizcha yaxshi tuyuladi. Bundan tashqari, moliyaviy tomondan bu yerda katta pul topa olasiz. Lekin O‘zbekistonda ham o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lganlar yaxshi pul topadi.
Qudratxo‘ja: Hozirgi paytda “surish” trendi avj olganini to‘la tushunaman va bunga harakat qilayotganlarni hech qanaqasiga ayblamayman. Bundan hattoki 2-3 yil oldin ham bu fikrga qo‘shilmasdim va o‘zim ham o‘qishni bitiriboq O‘zbekistonga qaytaman deb o‘ylardim. Asosiy sabab esa kelajakka bo‘lgan umidning so‘nib ketayotgani deb bilaman. Bunga esa turli xil omillar birdaniga ta’sir qiladi – ta’lim tizimining juda achinarli holatga kelib qolgani, qonunlar ishlamasligi, yuqori darajadagi korrupsiya va monopoliyaning borligini hamma bilib turgan holda amalda hech narsa qilinmasligi va oxirgi paytdagi ekologiyaning katastrofik tarzda buzilib ketayotgani…
Ammo shu bilan bir qatorda yagona umid chetga chiqib o‘qishda, ilm olishda va tajriba orttirishda deb bilaman. Chunki odam chetga chiqib o‘qigandan va u yerdagi rivojlanishni ko‘rgandan keyingina bizdagi muammolarni qay darajada jiddiy ekanini his qiladi va ularning yechimini ham ko‘radi. Bu kabi odamlar faqatgina muammolar haqida shikoyat qiladigan qatlamdan bo‘lmasdan, ularga yechim bera oladigan va shu yechimni o‘zi tatbiq qilishga tayyor qatlam safiga qo‘shiladi.
Esmera: O‘z farzandlarini o‘z yurtida ushlab qolish uchun yetarlicha kuch kerak. Odamlar musaffo osmonini maqtashni yaxshi ko‘radi. Men davlatni emas, xalqni ayblagan bo‘lardim. Negaki davlat rahbarlari ham shu xalq farzandi, shularning ichidan chiqqan. Zo‘r siyosat olib borilayotgan davlatlarda xalqni o‘zi kuchli. Xalqni ongi, tushunchasi bor. Oq qorani ajrata oladi. Biroq bizda unaqa emas. Bu yerda boshqa davlatlardan kelgan kursdoshlarim o‘z yurti va undagi imkoniyatlar, sharoitlar haqida ko‘p narsani darsda maqtanib gapiradi. Shu mavzuga aloqador savol berilsa yoki nimadir gapirish kerak bo‘lganda javob berolmay qiynalaman. O‘zbekiston degan nomni umuman eshitmagan. Uni Afg‘oniston bilan adashtirib yuborganlarida esa ichimdan zil ketganman.
Chetdan yurtimizga nazar solish juda ayanchli. Og‘ir botadi, shunchaki. Bor imkoniyatdan foydalanib ham davlatni umuman o‘zgartirib yuborish mumkin. Buning uchun dengiz bo‘yida joylashgan bo‘lish shart emas.
Gullola: O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, soham bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishim, til borasida rivojlanishim va yaxshi ish o‘rniga ega bo‘lish uchun yashab turgan joyimda yetarlicha imkoniyatlar topa olmadim. Afsus, O‘zbekistonda bakalavr diplomi qadrsizlanib ketmoqda. Hatto qo‘lida oliy ta’lim diplomi bor shaxs sifatida ham vakansiya topish juda qiyin, ya’ni yetarlicha ish o‘rinlari yo‘q. Fikrimcha, ish o‘rinlari yana ham ko‘paytirilsa va har bir soha bo‘yicha malaka oshirish uchun sifatli imkoniyatlar yaratilsa, yoshlarni vatanda ushlab qolish mumkin.
O‘zbekistonda ham katta muvaffaqiyatlarga erishish mumkin(mi?)
Azizbek: Hammasi insonning harakatiga va Allohdan so‘rashiga bog‘liq. Men O‘zbekistonda bo‘lgan taqdirimda ham o‘zim hozirgacha erishgan ozmi-ko‘pmi yutuqlarga erishgan bo‘lardim.
To‘maris: Shaxsan, men O‘zbekistondaligimda ham yaxshi pul topganman. Ko‘pchilik yoshlar o‘ziga bo‘lgan ishonchi yo‘qligi sababli O‘zbekistonda bo‘la turib, katta-katta kompaniyalarda ishlash uchun o‘zini sinab ko‘rmaydi, qo‘rqadi va oqibatda chet elda ishlasamgina katta pul topa olaman deb hisoblaydi.
Qudratxo‘ja: Bu savol agar magistratura haqida bo‘lsa, bemalol “Ha. Ko‘p narsa o‘zgarmagan bo‘lardi”, deb ayta olaman. Chunki juda ko‘p yutuqlarimga bu yerga kelmasimdan oldin erishib bo‘lgandim. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, shu yutuqlarim sabab bu yerga keldim. Bundan tashqari o‘qish va grantlarga topshirish jarayonida nima xohlashimni, kareraviy qiziqishlarimni aniqlab oldim. Ulardan olgan asosiy foydam shu, deya olaman bemalol. Shu sabab chetga kelmaganimda ham to‘xtab qolmasligim aniq edi. Biroq savol agar Farg‘onadan Toshkentga kelish haqida qo‘yilsa, u yerda hech ikkilanmasdan “Agar Toshkentga kelmaganimda, oilam ayniqsa onam meni bu borada qo‘llab-quvvatlamaganda, hayotimda nimani boy berganimni hattoki tasavvur ham qilmasdim”. deyishim mumkin.
Esmera: O‘zbekistonda ham yaxshi daromad topar edim. Lekin gap faqat pulda emas. Muhit yoqmaydi menga. Atrofingiz sizni tushunmaydigan va umuman tushunishni xohlamaydigan insonlardan iborat ekani sizni muhitdan siqib chiqaradi. Men feminist emasman, biroq ayollarga nisbatan nohaqlik ko‘p. Adolat bo‘lmagan joyda yashay olmayman. Eng yomoni qizlarga bu holat yoqadi va hech qanday e’tirozsiz o‘z bo‘yniga o‘zi kishan solib, taqdirini ayanchli yakunlaydi. Agar qarshi chiqa olsa, hech bo‘lmasa men kabi boshqa joyga bosh olib ketgani ma’qul edi.
Gullola: Fikrimcha, bir yutuqqa erishish har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Shunday insonlar bor juda yaxshi sharoitda ham o‘z ustida ishlamaydi, unga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanmaydi va shunday insonlar borki, imkoni yo‘q vaziyatda ham katta marralarga erishadi, ya’ni o‘zi uchun yaxshi kelajak yaratish har kimni o‘zining qo‘lida. O‘zim haqimda aytadigan bo‘lsam, men O‘zbekistonda bugungi yutuqlarimdan faqatgina o‘qishga tegishlisigagina erishganman, albatta, bu ham yomon natija emas. Lekin ish faoliyatimga keladigan bo‘lsam, katta ehtimol bilan erisha olmagan bo‘lar edim. Sababi kelganimdan buyon o‘qituvchilikka oid haqiqiy bilimlarimni shu yerda oldim, juda ko‘p malaka orttirdim, desam xato bo‘lmaydi. Albatta, bu yetarli emas, hali o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalarim ko‘p.
“Surish kerak, ammo...”
Azizbek: “Surish” har doim ham ish bermasligi mumkin. Shaxsan o‘zim ayrim chet eldagi o‘zbeklar misolida bunga guvoh bo‘lganman. Ko‘plab vatandoshlarimiz borayotgan davlatlarni hatto tilini ham bilmasdan ko‘r-ko‘rona ketmoqchi bo‘ladi. Ko‘pchilik yoshlar hozir qiyinchiliksiz ko‘p narsaga erishaman va chet elga borsam, ko‘p narsaga ega bo‘laman deb o‘ylaydi. Aslida aksincha begona yurtda hammasini noldan boshlashga to‘g‘ri keladi, u yerning qonunlarini o‘rganish, tilini o‘rganish va muhitga moslashish ko‘pchilikni qiynab qo‘yadi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda yaratilayotgan sharoitlardan foydalana olgan yosh uchun “surish” ga hojat yo‘q. “Ustasiga farqi yo‘q” deganlaridek o‘zida intilishi bor inson qayerda bo‘lmasin o‘z o‘rnini topa oladi. Bu degani chet elga chiqmaslik kerak degani emas.
To‘maris: Koreyaga kelib, o‘qib ishlayotganimning ortida O‘zbekistonning, vatandoshlarimning o‘rni katta deb hisoblayman. Ammo agar men O‘zbekistonda talaba sifatida o‘qiyotgandimda hozirgi bilimlarimni, bu yerda qo‘lga kiritgan tajribamni olmasdim. Men uchun chet el yaxshi ta’sir ko‘rsatdi. Boshqalarga ham ikkilanmay chetda o‘qishni tavsiya qilaman, lekin bu yerda qolib ketishni emas. Menimcha, har bir o‘zbekistonlik qaysi chet davlatida o‘qiyotgan bo‘lishiga qaramasdan tajriba orttirib, O‘zbekistonga qaytishi kerak. To‘g‘ri guvohi bo‘lmoqdamiz, O‘zbekistonda ham har taraflama rivojlanishlar bo‘lyapti. Ammo bu hali xorij standartlari uchun kamlik qiladi. Shaxsan men o‘z oldimga katta maqsadlar qo‘yganman. Bu yerda butunlay qolish niyatida emasman. Bu yerda olgan bilim va tajribalarim bilan vatanimga qaytib, O‘zbekistonda ulardan foydalanish niyatidaman.
Qudratxo‘ja: “Surish” istagida bo‘lganlarni har qanday holatda ham ayblay olmayman. Lekin shu o‘rinda bitta muhim narsani aytib o‘tishim kerakki, chetga ketishdan oldin bu jarayon qanchalik qiyin bo‘lishi, qanchalik ko‘p xarajat qilishga to‘g‘ri kelishini (hattoki grant yutgan holatlarda ham) odamlar bilishi kerak. Eng muhimi ularda chetga ketishdan oldin aniq maqsad va rejalari bo‘lishi va u yerga borgandan keyin kamida 1 yil davomida nima qilishlarini bilishlari kerak. Albatta, chetga ketish uchun kerakli narsalar: til bilish, biror sohaning yaxshi mutaxassisi bo‘lish, mustaqil harakat qilish va savollarga javob bera olish kabilarning barchasiga ega bo‘lish — ko‘chada qolib ketmaslikning asosiy sharti. Men har qanday holatda ham o‘zbeklar chetga o‘qish bo‘ladimi yoki ishmi birinchi navbatda rivojlanishni o‘z oldiga maqsad qilib kelishlarini xohlardim. Shu bilan bir qatorda “Chetga ketsam bir amallayman. Hammasi yaxshi bo‘lib ketadi”, deb o‘ylayotganlarni bu fikridan qaytaraman. Chunki o‘zbekistonliklar begona yurtda ko‘chada, pulsiz, hech kimning yordamisiz qolib ketish yoki qandaydir joylarda qora ishchi bo‘lib ishlab yurishini xohlamayman. Bu kabi odamlar chetga kelganda bu yerdagi qonun-qoidalarga amal qilmaslik va qonun doirasida ham muammolarga duch kelishi mumkin. Bu esa ularning deport bo‘lishiga va qolgan o‘zbekistonliklar uchun viza olish jarayoniga salbiy ta’sir qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun eng avvalo, kelayotgan davlatingiz umumiy qonun-qoidalari, ayniqsa ish va soliqlar bo‘yicha qonunchilikni yaxshilab o‘rganib chiqishni maslahat beraman.
Esmera: Xorijga, albatta, “surish” kerak. Kelajagi haqida qayg‘uradigan har bir sog‘lom fikr egasi o‘ziga to‘g‘ri kelmaydigan muhitdan ketishi kerak. Qayerda qanday yashash insonning o‘zini xohishi. O‘ziga to‘g‘ri kelmaydigan joyda yashashga hech kim majburmas. Agar imkon bo‘lmasa, qarz olib bo‘lsa ham, o‘ziga imkon yaratib ketish kerak deb hisoblayman. Shunchaki ozgina kuch, ozgina harakat va ozgina xohish. Hayotidan va osmonidan mamnunlar mazza qilib yashab yuraversin. Ularga gapirmagan ma’qul.
Gullola: Agar bir davlatni tark etish sababi o‘qish, yangi bilimlarni egallash, malaka orttirish bo‘lsa, albatta, qo‘llab-quvvatlagan bo‘lar edim. Chunki chet elga chiqqanda insonning dunyoqarashi o‘zgaradi, yangi narsalar o‘rganadi, ko‘plab tanishlar orttiradi va ular bilan bilim almashadi, boshqa imkoniyatlarni ko‘radi, o‘rganadi, natijada yashab turgan yer bilan solishtirib, keyinchalik kamchiliklarni bartaraf qilishga harakat qilishi ham mumkin. Oddiy misol, biz o‘zimizni yashab turgan shahardan boshqa viloyatga borganimizda ham boshqalarni ko‘ramiz, tanishamiz, yangi bilimlar olamiz, va qaytib ularni amalda qo‘llab ko‘ramiz. Boshqa davlatga chiqish esa buning kattaroq varianti.
“Hamma narsa ham aslida ko‘ringani kabi emas”
Azizbek: Chetdagi hayot faqat yorqin taraflardan iborat deyish noto‘g‘ri. Xorijga endigan borgan inson uchun u yer kashf qilinmagan sayyoradek ko‘rinadi. Borgan joyinining urf-odatlariga inson ko‘nikib olguncha ancha-muncha qiyinchiklarni bosib o‘tadi, “culture shock” bilan qiynaladi. Mana shu qiyinchiliklarni unutish uchun ham e’tibor talab qiladi va O‘zbekistondagi do‘stlari, yaqinlariga yaxshi ko‘rinishga harakat qiladi va o‘zini tarmoqlarga joylagan yorqin foto labhalari bilan ovutadi. Ammo, hamma narsa ham aslida ko‘ringani kabi emas.
To‘maris: Koreyada 6 oydan buyon yashayotgan bo‘lsam, bu yerda har xil qiyinchliklarga duch keldim. Boshida xayolimdan “nega o‘zi bu yerga keldim, O‘zbekistonga qaytib ketsamchi” degan o‘ylar o‘tdi. Bu yerda siz vataningizda emasligingizni yaxshiroq his qilasiz. O‘zga davlatda ikki karra e’tiborli, mustaqil bo‘lasiz. Chetga chiqish niyatidamisiz, siz avvaldan o‘zingizni ruhan tarbiyalashingiz kerak. Sog‘liq tomondan ham, qayerga borayotganingizga e’tibor bering. 6 oy, uzog‘i bir yilda siz “culture shock” davridan o‘tasiz, yig‘laysiz, kasal bo‘lasiz, hech narsa yoqmaydi. Vaqt o‘tib, bularga moslashganingizdan keyin, kelgan davlatingizning yorqin taraflarini ham ko‘ra boshlaysiz.
Qudratxo‘ja: Chetda o‘qish, ishlash odamlar tasavvur qilganidan, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilganidan qiyin, ancha qiyinroq. Tarmoqqa qo‘yilishga arziydigan onlar chetdagi hayotingizni nari borsa 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95% holatda siz begona muhitda, begona madaniyat va odamlar orasida bo‘lishga majbursiz. Bu yerda yurgan paytda turli mamlakatlardan tanishlar orttirish mumkin. Biroq ularning hech qaysisi bilan O‘zbekistondagi odamlar kabi do‘stlashib keta olmaysiz. Sababi siz allaqachon fikri shakllanib ulgurgan odam bo‘lasiz va hayotingizga yangi odam kirishi tabiiy ravishda qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, har qanday holatda ham ular sizning fikr va hazillaringizni siz esa ularnikini to‘la his qila olmaysiz. Ish va o‘qishni bir vaqtda olib ketish har qanday odamga ham qiyinchilik tug‘diradi. Atrofingizda sizning qarashlaringiz va qadriyatlaringizga begona va qarama-qarshi chiquvchi va sizni osongina to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib yuboruvchi minglab sabablar bo‘ladi. Bunday holatda o‘z ustingizdan nazorat qiluvchi va muvozanatni ushlab turuvchi yagona odam siz bo‘lasiz. Ichki kurash esa har doim har qanday inson uchun eng qiyin va muhim kurash deb bilaman.
Esmera: Qiyinchilik hamma joyda bor. Chetga chiqadigan odam tayyor bo‘lishi va ko‘p narsani hisobga olishi kerak. Shaxsan men, O‘zbekiston va Yaponiyadagi hayotimni solishtirganda umuman qiynalmayapman deb hisoblayman. Balki to‘liq grant asosida o‘qiyotganim uchundir. Moliyaviy tomonlama umuman muammo yo‘q. Dunyoga allaqanday ahmoqona prinsiplarsiz keng va yorqin qaraydigan jamiyat vakillari. Fikrlar va harakatlarda faqat ezgulik bor. Bir-birini aldash, qandaydir foyda ilinjida, kiyimi yoki amaliga qarab muomala qilish degan narsalar yo‘q. Yaponiya jahon bo‘yicha ham o‘z madaniyati bilan hech bir davlatga o‘xshamaydi. Har bir narsada aql va farosat ishlatilganiga guvoh bo‘lasiz. Narxlar biroz qimmat deyishadi, lekin topiladigan daromadga taqqoslasak, juda arzon, deb o‘ylayman. Keyin sifatsiz mahsulotlarini o‘tkazadigan monopoliya yo‘q. Muddati o‘tgan mahsulotlaru, odamlarni aldaydigan savdogarlarni ko‘rmaysiz.
Gullola: Xorijda o‘qish va yashash suratlarda aks etganidek har doim ham ijobiy emas. “Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozi”, deganlaridek har bir joyda o‘ziga yarasha afzallik yoki kamchiliklar bo‘ladi. Chet elga o‘zi yolg‘iz ketgan insonga birinchi navbatda uning oilasi, yaqinlari, do‘stlari yetishmaydi, ulardan uzoqda doimiy sog‘inch hissi bilan yashaydi. Bundan tashqari, hamma mas’uliyat o‘z zimmasiga tushadi. Ko‘chib o‘tgan davlatida turli muammolarga, tushunmovchiliklarga uchrashi ham turgan gap va bunday qiyinchiliklarni inson yolg‘iz bosib o‘tishga majbur bo‘ladi.
Tengdoshlarga aytadiganlarimiz: “Siz sevgan soha mashhur bo‘lmasin. Siz uni mashhur qiling”
Azizbek: Hayotga real boqing va u qiyin va osonlikdan iborat ekanini unutmang. Ota-onangizga mehr-muruvvatli bo‘ling. Qaysi davlatga, qachon borishingizdan qat’iy nazar o‘zbek millatini, musulmonlarni yaxshi xulqingiz bilan ko‘rsatishga harakat qiling.
To‘maris: O‘qing, o‘rganing. Ilm va hunar sizni hech qachon “och qoldirmaydi”. Aynan shular siz bilan birga, ularni hech kim olib qo‘ymaydi. Moliyaviy mustaqil bo‘lishga intiling. Moliyaviy resurslaringizni to‘g‘ri joyga ishlashtishga harakat qiling. Doim mehribon bo‘ling. Bir-biringizni tushuning.
Qudratxo‘ja: O‘z sohangizda mutaxassis bo‘lishni birlamchi vazifa sifatida qo‘ying. O‘qishga grant asosida kirish, IELTS’dan baland ball olish yoki qaysidir nomdor stipendiyaga ega bo‘lish kabi oraliq yutuqlar sizni xursand qilib, asosiy maqsad yo‘lidagi harakatdan to‘xtatib qo‘ymasin. Vaqtingizning har bir lahzasining qadriga yeting. Intizomni har qanday motivatsiyadan oldinga qo‘ying. “Xufton” paytidan keyin har qanday ishni yig‘ishtirib uxlashni, kun chiqmasdan oldin uyg‘onishni va kuningizni bir kun oldindan reja qilishni va shu rejalarda qat’iy turishni odat qiling. Shu narsaning o‘zi sizga o‘zingiz tasavvur ham qila olmagan darajalarga erishishingizga yetarli bo‘ladi. Yahudiylar haqida bir gap eshitgandim (ular haqida qanday fikrda bo‘lsangiz ham hozirda eng aqlli millatlardan ekanini inkor qilib bo‘lmaydi). Hozirgi vaqtda tug‘ilgan yahudiylar 50-60 yillar oldin tug‘ilishni xohlashar ekan. Sababi ular “Eng muhim o‘zgarishlar, eng muhim ixtirolar o‘sha zamonda qilingan biz esa shu yutuqlardan foydalanib yuribmiz. Biz uchun tarixda qolish juda qiyin”, deb fikrlashar ekan. Men esa aynan hozir bizda tanlov imkoni borligiga ishonaman: “Hozirgi zamon va muammolardan nolib, hech narsaga erishmay o‘tib ketish yoki 40-50 yildan keyingi avlod uchun qahramonlarga aylanish mumkin”.
Esmera: Qiziqishlaringizni to‘g‘ri baholang. Qaysi kasb yoki hunar ortidan ko‘p pul topar ekanman, deb o‘zingiz xohlamaydigan joyda o‘qimang. Nimaga qiziqsangiz va qanday mashg‘ulotdan zavq olsangiz, o‘shani qiling. Siz sevgan soha mashhur bo‘lmasin. Siz uni mashhur qiling. Atrofingizda sizga maslahat berib, yo‘l ko‘rsatib hayotingizni hal qilaman, deydiganlar ko‘p. Bunday muhim narsani boshqalarning qo‘liga osonlikcha topshirmang. O‘z hayotingiz uchun o‘zingiz kurashing. Kuchli bo‘ling. Sog‘lom fikrli bo‘ling. Hamma qiladigan ish ortidan siz ham ergashmang. To‘g‘ri va noto‘g‘ri narsani ajrata oling.
Gullola: Vaqtning qadriga yeting, uni behuda narsalarga sarflamang. Lekin shuni ham unutmangki, asosiy maqsadga erishish hech qachon bir ish boshlash uchun kech emas. Kimgadir erta, kimgadir kech nasib qiladi. Qaysi kasb bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zingizga mos, yoqtirgan ish bilan shug‘ullaning. Agar ishingizni chin ko‘ngildan xohlab qilmasangiz, qanchalar zo‘r joyda o‘qiganingiz yoki ishlaganingiz bilan bari befoyda, samara, natija ijobiy bo‘lmaydi. O‘z ustingizda ko‘proq ishlang. Eng asosiysi odamlarning gap-so‘zlariga e’tibor bermang, “odamlar nima der ekan”, deya oldingizdagi imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermang.
LiveBarchasi