Koronavirusning “britancha” shtammi Turkiyaga ham yetib keldi
Olam
−
02 yanvar 2021
9447Turkiyada 15 kishida "britancha" koronavirus aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘ja Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Buyuk Britaniyadan Turkiya hududiga kirish vaqtincha to‘xtatilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiyaga kelayotgan barcha shaxslar uchun yangi qoidalar joriy qilingan. Jumladan, 2020 yilning 28 dekabridan boshlab Turkiyaga aviaqatnovlar orqali, 30 dekabridan boshlab esa quruqlik yoki dengiz yo‘llari orqali kirib keluvchi barcha yo‘lovchilarda mazkur mamlakatga kirishdan 72 soatdan oshmagan vaqt ichida topshirilgan PZR-testning manfiy javobi bo‘lishi shart.
Turkiyada koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 2,22 mlndan oshgan. 21 ming 93 nafar bemor vafot etgan.
Shuningdek, yangi shtamm AQSHning Florida shtatida ham aniqlangan.
"Martin okrugida COVID-19’ning Britaniya shtammi bilan kasallanish bo‘yicha ilk holat qayd etilgani to‘g‘risida dalillar bor", deyilgan xabarida. Ta’kidlanishicha, virusni yuqtirib olgan erkak yaqin vaqt ichida sayohatga chiqmagan.
Qayd etilishicha, Florida AQSHda koronavirusning "britancha" shtammi aniqlangan uchinchi shtat bo‘lgan. B.1.1.7 shtammi ilk bor Kolorado shtatida aniqlangan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lib Kaliforniyada qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, hozirgacha yangi shtamm Buyuk Britaniyadan tashqari Niderlandiya, Avstraliya, Daniya, Braziliya, Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, BAA va Iordaniyada aniqlangan.
Avvalroq, koronavirusning yangi turi sentyabr oyida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lib, noyabr oyining o‘rtalarida faol tarqalishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Ko‘rilayotgan choralar fonida London aholisi shahar tashqarisiga chiqib ketishga harakat qilib, temir yo‘l stansiyalarida to‘plangan. Buyuk Britaniyaning o‘zida karantin cheklovlari maksimal darajaga ko‘tarildi.
LiveBarchasi