Koronavirusning 5 bosqichi: qaysi darajada qanday davo choralari ko‘riladi? 

Salomatlik

image

Ko‘pchilik o‘zida koronavirus xastaligi belgilari paydo bo‘lganda undan hadiksiragani yoki o‘z salomatligiga loqaydligi tufayli “shamollabman, shekilli”, “ko‘z tegdimi deyman, mazzam bo‘lmayapti” deb xotirjamlikka beriladi. Yo bo‘lmasa, ushbu hastalikning turli bosqichlaridan xabari bo‘lmagan kishilar “virusni yuqtirgan bo‘lganimda yotib qolishim kerak edi”, deya koronavirusning ilk bosqichlarini oyoqda o‘tkazib yuborishadi. Oqibatda esa, vaqtida uy sharoitida davolanib, kasallikni yengib ketishi mumkin bo‘lgan bemorlar ahvoli o‘ta og‘ir holatga kelib qolib, stansionar davolanishga majbur bo‘ladi. 

Ho‘sh, koronavirus hastaligining qanday bosqichlari bor, kasallikning qaysi darajalarida uy sharoitida davolanish mumkin? Cog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori Nodir Haydarov yuqoridagi savollarga javob berdi:

Koronavirusning bugungi kunda besh xil turli darajalari mavjud:

•    Simptomsiz 
•    Yengil 
•    O‘rta og‘ir 
•    Og‘ir 
•    O‘ta og‘ir

1. Simptomlarsiz darajasi — bunda hastalik sezilarsiz belgilar beradi. Masalan, bir, ikki marta tanada holsizlik, noqulaylik tuyilishi, yo bo‘lmasa bir marotaba haroratning 37 darjaga chiqishi holati yuz berishi mumkin. Ammo ushbu holatda PZR tekshiruvidan o‘tganda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlanishi mumkin. 

2. Yengil daraja —  haroratning 38 darajagacha ko‘tarilishi, tomoqning qichishi, vaqti-vaqti bilan yo‘tal hamda tanadagi holsizlik, bo‘g‘imlar qaqshashi kuzatiladi. 

Qayd etilgan ushbu ikki bosqichda uy sharoitida oilaviy poliklinika shifokori bilan hamkorlikda, ya’ni ularning tavsiyalari asosida davolanish mumkin. 

3. O‘rta og‘ir daraja — bunda yuqorida qayd etilgan belgilar kuchaygani uchun bemorning shifoxonaga yotqizilishi tavsiya etiladi. Bunday bemorlarga qat’iy tartibdagi davolanish choralari va doimiy mutaxassislar nazorati kerak bo‘ladi.

Shuningdek, havflilik darajasi yuqori bo‘lgan kishilar: ya’ni bemorlarning yoshi 50-60 va undan katta bo‘lganda yoki virusga chalingan kishining yondosh kasalliklari bo‘lsa, homilador ayollar va bolalarda koronavirus aniqlansa, ularga o‘rta og‘ir daraja belgilanib stansianar davolash uslubi qo‘llaniladi. 

4. Og‘ir daraja — bunda bemorlarda yuqoridagi belgilar yaqqol namoyon bo‘lishi bilan birga nafasning o‘tkir yetishmovchiligi, ruhiyat o‘zgarishi, xususan, o‘lim talvasasi hamda barcha a’zolarida virusning ta’siri sezila boshlaydi. Ushbu holatda ham stansionar davolash yo‘lidan foydalanish zarur. 

5. Kasallikning o‘ta og‘ir darajasida esa, bemorlar faqatgina shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida davolanishi kerak. 

Ta’kidlab o‘tish joizki, bemorlarning qaysi darajada ekanligini faqatgina shifokorlar belgilay oladi. O‘zboshimchalik bilan menda hali koronavirusning yengil darajasi deya og‘ir holatlarda ham uy sharoitida davolanishni davom ettirish o‘zingiz va atrofdagilarning salomatligi uchun o‘ta xavflidir. Shu bois, doimiy ravishda oilaviy polikinika shifokori bilan maslahatlashish va ularning tavsiyalariga amal qilishingizni so‘raymiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

132

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing