Koronavirusga test topshirish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Prezident yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

Bugun, 14 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishi avvalida bugun mamlakatda epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tildi.

COVID-19 pandemiyasini jilovlash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida gapirar ekan, davlat rahbari, jumladan, shunday dedi:

“Xabaringiz bor, mamlakatimizda koronavirusga chalinganlar soni ko‘payib borayotgani munosabati bilan biz karantin talablarini yana kuchaytirishga majbur bo‘ldik.

Nega deganda, ochiq aytish kerak, hozirgi kunda butun dunyo koronavirus deb nom olgan mana shu tilsiz yov, ko‘zga ko‘rinmas dushmanga qarshi urush holatida turibdi.

Urushga kirgan har qaysi davlat, har qaysi xalq o‘z yurtini, o‘z aholisini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi. Eng avvalo, xavf-xatarning yo‘lini berkitadi, temir intizom o‘rnatadi.

Qat’iy safarbarlik sharoitida yashash va ishlashga o‘tadi. Bugun biz ham ayni shunday holatdamiz.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaziyat muntazam tahlil qilinib, infeksiyani jilovlash yuzasidan barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu kasallikka qarshi kurash uchun bizda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Eng muhimi, fidoyi va jasur shifokorlarimiz o‘z burchini sadoqat va matonat bilan bajarmoqda.

Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Chunki hayot davom etmoqda. Hayot bizdan aql-idrok, sabr-toqat, metin intizom bilan harakat qilishni talab etmoqda.

O‘zimiz ko‘ryapmiz, dunyoda qaysi davlatda tibbiy madaniyat, tartib-intizom kuchli bo‘lsa, o‘sha mamlakat pandemiyadan eng kam talofat bilan chiqmoqda.

Biz ham shu yo‘ldan borishimiz shart. Albatta, o‘tgan 4 oy davomida odamlarimiz ko‘p narsaga o‘rgandi. Bizda ham ma’lum bir tajriba paydo bo‘ldi.

Tahlillar koronavirus bilan zararlanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash, simptomsiz va yengil kechayotgan bemorlar bilan olib borilayotgan davolash va nazorat tadbirlarini amalga oshirishda yangi strategiyalarni qo‘llashni talab qilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi bu borada tezlik bilan barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

Shu maqsadda, [Bosh vazir o‘rinbosari Behzod] Musayev, [Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher] Shodmonov bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala – viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa yumshatishi lozim.

Barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak.

Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tig‘iz emas. Kasallik tarqamagan hududlarimiz ham ko‘p.

Bu yerlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi.

Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning o‘n kunini boqadi.

Hech kimga sir emas, bu yildan boshlab oziq-ovqat masalasi dunyo miqyosida hal qiluvchi o‘ringa chiqadi.

Chunki koronavirusni yengish ham, xalq farovonligini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash ham avvalo shunga bog‘liq.

Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak.

Fursatdan foydalanib, bugun dalalarda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor fermer va dehqonlarimizga, sohibkor bog‘bonlarimizga, barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib, ularga kuch-g‘ayrat, mo‘l hosil tilaymiz.

Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib, kerak joylarda karantin talablariga to‘la itoat etishimiz zarur.

Hammamiz oilamiz, farzandlarimiz, muhtaram nuroniylarimizning sog‘ligi uchun yana ozgina chidashimiz, karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart.

Ozgina chidasak, bu kunlar hademay o‘tib ketadi.

“Sabr qilgan murodga yetar”, deydi xalqimiz.

Ishonchim komil, har bir ishni yetti marta o‘ylab, chidam va matonat bilan amalga oshirib kelgan el-yurtimiz bugungi sinovlardan munosib o‘tib, o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi”.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

282

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing