Koronavirusga qarshi emlanganlarda Giyena-Barre sindromi paydo bo‘lishi mumkinmi?
Olam
−
27 iyul 2021
13392Vektorli vaksinalar bilan emlangandan so‘ng kamdan-kam uchraydigan nojo‘ya ta’sirlardan biri sifatida Giyena-Barre sindromining paydo bo‘lishi masalasi puxta o‘rganishni talab qiladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) COVID-19 bo‘yicha quyi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi, AQSH va boshqa bir qator mamlakatlardan olingan ma’lumotlarga asoslanib, mutaxassislar COVID-19 ga qarshi vektorli adenovirus vaksinalari bilan emlashdan so‘ng “Giyena-Barre sindromining kam uchraydigan holatlari to‘g‘risida hisobotlar” mavjudligini qayd etdi.
“Muqobil manbalar va samarali tadqiqot sxemalaridan olingan ma’lumotlardan foydalangan holda yanada qat’iy tadqiqotlar o‘tkazish kerak, emlangan va emlanmagan aholidagi yon ta’sirlarni taqqoslash kerak”, deyilgan quyi qo‘mita bayonotida.
Tashkilot tibbiyot xodimlariga monitoring o‘tkazishni va aholini emlashning barcha nojo‘ya ta’sirlari, jumladan, aytib o‘tilgan sindromni kuzatib borish haqida xabardor qilishni tavsiya qilgan.
Xususan, Amerikaning Johnson & Johnson korporatsiyasiga tegishli bo‘lgan Janssen kompaniyasi va AstraZeneca kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinalar bilan COVID-19 ga qarshi emlanganlar ogohlantirilishi kerakligi aytilgan.
Ushbu vaksinalarni qabul qilganlar, agar ularda Giyena-Barre sindromi (zaiflik, falajlik va yurishda qiynalish) alomatlari paydo bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilishi kerakligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, quyi qo‘mita ushbu vaksinalarning potensial foydalari Giyena-Barre sindromining potensial xavfidan yuqori bo‘layotganini ma’lum qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 195 mln 346 ming 662 kishiga yetdi. 4 mln 182 ming 840 nafar bemor ushbu kasallikdan vafot etdi.