Xitoyliklar JSSTni AQSH biologik laboratoriyasini tekshirishga chaqirdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

500 mingdan ortiq xitoyliklar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan “kelajakdagi epidemiyalarning oldini olish” maqsadida Fort Detrik bazasida joylashgan Amerika biologik laboratoriyasidagi vaziyatni tekshirishni talab qilmoqda. Ular ushbu masala bo‘yicha ochiq xatni imzoladi. Bu haqda “Global Times” xabar bermoqda.  

Bunga qadar JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus yangi koronavirus infeksiyasi sun’iy ravishda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot 2019 yil dekabr oyida COVID-19 bilan kasallangan birinchi bemorlar bo‘yicha tekshirish ishlari olib borishni rejalashtirmoqda. 

Xitoy aholisining ochiq xatida yangi epidemiyaning oldini olish uchun JSST xavfli viruslar yoki biokimyoviy qurollarni tadqiq qiluvchi laboratoriyalarga, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari armiyasining yuqumli kasalliklarini o‘rganish institutiga e’tibor qaratishi kerakligi aytilgan. Ushbu laboratoriya AQSHning Merilend shtatidagi Fort Detrik bazasida joylashgan. 

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, u yerda Ebola, SARS, MERS va chechak kabi xavfli viruslar bo‘lishi mumkin. Faollar ulardan kamida bittasining sizishi dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. 

“2019 yilning kuzida, COVID-19 epidemiyasi boshlanishidan oldin laboratoriyada sizish holati yuz bergan. Ammo milliy xavfsizlik bahonasida AQSH batafsil ma’lumotlarni oshkor qilmagan”, deyilgan maktubda. 

Ta’kidlanishicha, Xitoy rasmiylari G‘arbiy davlatlardagi virusologlarga va Amerika ommaviy axborot vositalarining vakillariga Uxan virusologiya institutiga tashrif buyurishga ruxsat bergan. Qo‘shma Shtatlar esa Fort Detrik bazasidagi laboratoriyani ochmagan va dastlabki ma’lumotlarni boshqa mamlakatlar bilan bo‘lishmagan. 

Manbaga ko‘ra, Amerika laboratoriyasi 2019 yilda AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan tekshirilgandan so‘ng vaqtincha yopilgan. Yopilish sababi “oqindi suvlarni zararsizlantirish bilan bog‘liq infratuzilma muammolari” deb nomlangan. 

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mart oyida koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun Uxan shahriga tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar hisobotining to‘liq versiyasini e’lon qildi. Unda virusning yangi turi odamlarga boshqa hayvon orqali yuqganligi yozilgan.  

Shuningdek, koronavirusning laboratoriyadagi tajribalar natijasida kelib chiqqani to‘g‘risidagi farazlar ham mavjud. Yana bir taxminda esa kasallik sovutilgan ovqatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan.  

Amerika Qo‘shma Shtatlari va yana 13 mamlakat JSST missiyasining xulosalaridan ko‘ngli to‘lmaganini bildirib, bayonot bergan. Ular koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risida shaffof tergov o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan. AQSH razvedkasi virusni odamga hayvondan va laboratoriyadan yuqqani to‘g‘risidagi taxminlarni ilgari surib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy laboratoriya

Baholaganlar

157

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing