Koronavirusga qarshi emlanganlar statistikasi sun’iy oshirilyaptimi? SSV izoh berdi
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
4760Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanmagan fuqaroga vaksina olganlik to‘g‘risida SMS-xabarnoma kelgani haqida video tarqaldi. Unda murojaat egasi “Siz bugun vaksina oldingiz, keyingi vaksinangiz dekabr oyida” degan mazmunda xabarnoma olganini aytib, mamlakatda emlangan aholining umumiy statistikasi oshirib ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Mazkur holatga Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Abdulla Azizov munosabat bildirdi.
“Ushbu holatga izoh berishdan avval shuni aytmoqchimanki, Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19 ga qarshi emlanish statistikasi sun’iy oshirilishidan hech qanday manfaatdor emas. Aksincha, har bir fuqaro emlash jarayonlarida faol ishtirok etib, bu orqali mamlakatimizdagi epidemik vaziyatning barqaror bo‘lishi tarafdoridir.
Shu nuqtai nazardan, yuqoridagi videomurojaat egasining vaksina olgan aholining umumiy statistikasiga ishonchsizlik bildirishiga asos yo‘q.
To‘g‘ri, ayni paytda fuqarolarimizda “Koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni qayerdan va qanday olish mumkin?”, “Qaysi vaksinadan so‘ng organizmda kuchli immunitet hosil bo‘ladi?” kabi savollar bilan birga, emlanganlik haqidagi SMS-xabarnomalar yuzasidan ba’zi tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari.
U so‘zida davom etib, umuman emlanmagan fuqaro qo‘l telefoniga yuqoridagi kabi koronavirusga qarshi vaksina olganganlik haqida noto‘g‘ri SMS-xabarnoma yuborilayotganini inson omili bilan bog‘lagan.
“Bu bir qarashda biroz tushunarsiz holat bo‘lishi mumkin, biroq ushbu jarayonlarda inson omili ishtirok etishini hisobga olsak, xatoliklar yuzaga kelishi mumkin.
Ya’ni, hozirda emlanayotgan aholining shaxsiy ma’lumotlarini elektron tizimga kiritayotgan tibbiyot xodimi katta hajmdagi axborot bilan ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, ba’zi emlash punktlarida ma’lumotlar qog‘oz jurnallarga kiritilayotgani bois, mas’ul xodimning xato qilish ehtimoli yo‘q emas”, deydi Abdulla Azizov.
Qayd etilishicha, bunday holatlarning oldini olish uchun ITMed mobil ilovasi va telegramdagi @itmeduz_bot sahifasida JSH SHIR (jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqami) hamda my.gov.uz portali orqali JSH SHIR va pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda fuqarolarga vaksina olish uchun elektron navbatga yozilish va emlanganlik sertifikatini yuklab olish imkoniyati yaratilgan.
“Agar vaksina oluvchi fuqaroda bunday imkoniyat bo‘lmasa, o‘zining shaxsiy ma’lumotlari va telefon raqamini emlash hamshirasiga to‘g‘ri aytganiga ishonch hosil qilishi kerak. Ana shunda yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar yuzaga kelmaydi” dedi Abdulla Azizov.
LiveBarchasi