Koronavirusga chalinganlarni uyda davolash tartibi belgilandi

Jamiyat

image

COVID-19 koronavirus infeksiyasining alomatsiz shakli bilan kasallanganlarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining “Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash va kasallik tarqalishini oldini olish borasida o‘tkazilayotgan epidemiyaga qarshi kurashish tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi.

Buyruqqa ko‘ra, quyidagilar tasdiqlangan:

•    COVID-19 kasalligini alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi;

•    COVID-19 kasalligini alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni uy sharoitida davolashga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududlarga biriktirilgan xodimlar ro‘yxati;

•    Ma’muriy hududlardan COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallanganlarning 10 kunlik tibbiy kuzatuvi monitoringi hisobot shakli;

•    Koronavirus aniqlangan bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumot shakli.

Vazir buyrug‘iga asosan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hamda hududlarning vaqtinchalik karantinga moslashtirilgan majmualarida COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan, ushbu hudud ro‘yxatida turmaydigan fuqarolar yashash manziliga yuborilmasdan, COVID-19'ni davolashga moslashtirilgan muassasalarda 10 kun davomida kuzatuvi va davolanishi tashkil etiladi.

COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra statsionar sharoitda davolanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar SSBB va viloyatlar SSB boshliqlari va hududiy SEOM rahbarlariga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

•    2020 yil 5 iyul kunidan boshlab COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni belgilab berilgan sxema asosida tuman/shaharlarda tashkil etilgan mobil guruh (SEOM vakili, infeksionist, UASH) tomonidan saralash va uyda davolash uchun yetarli sharoit bor deb hisoblangan fuqarolarni belgilangan tartib asosida birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi muassasalari nazoratida 10 kun davomida uy sharoitida tibbiy kuzatuvi va davolanishini yo‘lga qo‘yish;

•    yashash sharoiti sanitariya-epedimologik talablarga javob bermagan holatlarda, yakkalash imkoniyati bo‘lmaganida, bemorlarni COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan muassasalarga joylashtirish;

•    hududiy mahalla fuqarolari yig‘inlari bilan hamkorlikda uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan bemorlarni karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tegishli ishlarni olib borish va qat’iy nazorat o‘rnatish;

•    2 kun muddatda COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni uyda davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibini har bir birlamchi tibbiy sanitariya bo‘g‘ini muassasalari (QVP, QOP, OP, KTMP), tez tibbiy yordam xizmati hamda SEOM xodimlariga yetkazib, mohiyatini har tomonlama tushuntirish maqsadida onlayn o‘quv seminarlari tashkil etish;

•    COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallanganlarning kunlik hisobotlarini alohida olib borish va taqdim etish.

Tuman/shahar tibbiyot birlashmalari qoshida tez tibbiy yordam mashinasi bilan mobil guruhlar tashkil etiladi. Ularning vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

TTB tomonidan taqdim etilgan PZR natijalari asosida shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan, sanitariya-epdemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, COVID-19 alomatsiz shaklini aniqlaydi.

COVID-19 alomatsiz turi bilan kasallanib, uyda kuzatuvga qoldirilgan bemorlar ro‘yxatini tuman/shahar, viloyat SSB rahbarlariga tibbiy kuzatuv va davolash uchun, Ichki ishlar, Milliy gvardiyaning hududiy bo‘limlariga karantinni tashkil etish uchun taqdim etadi.

Kasallik  belgilari aniqlanganida belgilangan tartibda BTSYOM bilan birgalikda zudlik bilan shifoxonaga yotqizish choralarini ko‘radi.

Tibbiy ko‘rik xulosalarini bemorning ambulator kartasida rasmiylashtiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

274

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing