Zangiotada koronavirusdan yana 28 kishi vafot etdi
Intervyu
−
04 yanvar 2022
209242021 yilning dekabr oyida birgina Toshkent viloyatida joylashgan Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga chalingan 28 nafar bemor vafot etgan. Bu haqda bugun, 4 yanvar kuni ushbu shifoxonaning Jonlantirish bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
QALAMPIR.UZ muxbiri Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib, davolanish jarayonlari bilan tanishdi. Shifokor Hakimov Yangi yilning o‘tgan uch kuni mobaynida qancha bemor keltirilgani haqida ma’lumot berdi.
“Shu kunlarda bemorlar soni ancha kamaygan. Klinikamizga kuniga o‘rtacha 40, 45 nafar bemor keltirilmoqda. Lekin bu bemorlarning ko‘pchiligida kasallik yengil va o‘rta og‘irlikda kechmoqda.
Reanimatsiya bo‘limi 36 nafar bemorga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda 28 ta reanimatsion bemorlarimiz bor. Bizda bo‘sh joylarning mavjudligi kasallarning nisbatan kamayganidan dalolat beradi”, deydi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i.
Uning aytishicha, bugungi kunda Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasining 30 foizi bemorlar bilan to‘lgan.
“Shifoxonamiz 2000 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozir 450 ta bemorimiz bor”, deydi Hakimov.
Shuningdek, u bugungi kunda bemorlarning ahvoli va o‘tgan 2021 yil dekabr oyida kuzatilgan o‘lim holatlari yuzasidan ham ma’lumot berdi.
“O‘tgan yili dekabr oyida 28 nafar bemorda o‘lim holati kuzatildi. Hozirgi kunda reanimatsiya bo‘limida qolayotgan 28 bemordan 5 nafarida o‘ta o‘g‘ir holat kuzatilmoqda. Ularning 21 nafari og‘ir holatda. Bir nafar bemorimiz esa, stabil og‘ir. U uyga ketishga tayyorlanmoqda”, deydi Begali Hakimov
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 3 yanvar kuni 89 kishi koronavirus aniqlanib, mamlakat bo‘ylab ushbu xastalikka chalinganlar 199 271 nafarga yetgan.