Koronavirusdan vafot etganlar 90 nafarga yetdi
Jamiyat
−
20 iyul 2020
12907O‘zbekistonda koronavirusdan navbatdagi ikki o‘lim qayd etildi. Shu tariqa rasmiy e’lon qilingan o‘lim holatlari 90 taga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi 51 yoshli V.T. (erkak)da joriy yil 5 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va u Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik sepsis, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Yana bir bemor, Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 42 yoshli S.S. (erkak)da joriy yil 17 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va u o‘ta og‘ir ahvolda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas berish apparatiga o‘tkazilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik sepsis, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 4-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik kabi asoratlar bilan kechgan.
Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, qandli diabetning dekompensatsiya bosqichi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.
Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
Biroq hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
LiveBarchasi