Koronavirusda osma ukol olish zararli va o‘lim xavfini oshiradi — ekspert
Jamiyat
−
01 avgust 2020
14220O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 150 nafarga yaqinlashib qoldi. O‘lim holatlari iyul oyida ko‘paya boshladi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayevaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan o‘lim darajasi ortishiga odamlarning bilib-bilmay osma ukol olayotgani sabab bo‘lyapti.
“Xalqimiz osma ukollarni yaxshi ko‘rishi oldindan shifokorlarni qiynaydigan holat. Bugungi kunda koronavirus uchun osma ukol kerak emasligi tasdiqlab kelinyapti.
Suvsizlanishni oldini olish uchun suyuqlik kerak. Xalqimiz osma ukolda suyuqlik kiritilsa, yaxshi bo‘ladi deb o‘ylamoqda. Odamlar “Oldin shamollaganimda osma ukol olgandim, yana bir marta olsam, o‘tib ketadi deb o‘yladim”, deyishadi. Bu organizmda qanchalik asorat qoldirayotganini o‘zlari bilishmaydi. Kasallikning 6-7-kuniga borib, ularning ahvoli og‘irlashishni boshlayapti. Tomografiyaga tushishyapti, o‘pkaning jarohatlangani, suv yiqqanini ko‘rishyapti. Bu davrda endi biz ambulator sharoitda yordam berolmaymiz”, deydi mutaxassis.
Sevara Ubaydullayeva organizm tanadagi suyuqlikni chiqarishga ulgurmasligi oqibatida o‘pka va hatto yurak qobig‘ida ham suv yig‘ilayotganini aytib o‘tdi.
“Osma ukollardan keyin, kasallikning 5-6-kunida o‘pka suyuqlik yig‘ishni boshlayapti, o‘pka shishi kelib chiqyapti. Hozirgi kunda o‘layotgan bemorlarning hamma tashxisini ko‘ring: o‘pka shishishi! Bular o‘zidan-o‘zi kelib chiqmayapti. Hammasi osma ukol ta’siri.
Buyraklarimiz u suyuqlikn chiqarib tashlashga ulgurmayapti. Bu yurak qobig‘ida ham suyuqlik yig‘ilishiga olib kelishi, jigarni ishdan chiqarishi mumkin.
Osma ukol olishdan avval albatta shifokor bilan maslahatlashing! Odamlar osma ukollardan voz kechsa, O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi kamayardi”, deya odamlarni ogohlikka chaqirdi Ubaydullayeva.
Ma’lumot uchun, 1 avgust soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 24304 nafarni tashkil qilmoqda. Ayni paytda 14464 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (59 foiz) sog‘aygan. Shuningdek, 143 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi