Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelishi mumkinmi?
Salomatlik
−
23 yanvar 2020
17040Xitoyda tarqalgan koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi xavfi qay darajada? Mamlakatda bunga qarshi choralar ko‘rilganmi? Bugun, 23 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan Matbuot anjumanida bu haqda ma’lumot berildi.
Rasmiylarning qayd etishicha, Xitoyda koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashishi sababli “Uzbekistan Airports” AJ hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Tibbiy-sanitariya xizmati tomonidan davlat chegarasini, ayniqsa, Xitoyni kesib o‘tgan shaxslarning yuqori sifatli tibbiy monitoringini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ tizimidagi faoliyat yuritayotgan styuard va styuardessa hamda bort boshqaruvchilari ishtirokida epidemik vaziyat va uning oldini olish yuzasidan seminarlar o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti intensiv terapiya bo‘limida koronavirusga gumon qilingan bemorlarni qabul qilish uchun maxsus boks tayyorlab qo‘yilgan. Respublikadagi aeroport va temir vokzallari sanitariya karantin punktlarida ushbu kasallikka gumon qilingan bemor aniqlansa, uni darhol izolyatorga izolyatsiya qilish, koronavirusga laborator tahlilini o‘tkazish uchun namuna olish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan koronavirus infeksiyasini yangi turini O‘zbekiston hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqilgan. Koronavirusning yangi turi (nCoV) qarshi olib boriladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish hamda amalga oshirish to‘g‘risidagi metodik uslubiy ko‘llanma loyihasi ham tayyorlangan.
Anjumanda koronavirus kasalligining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan qat’iy nazoratga olingani, Xitoydagi koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyatdan mamlakat aholisining xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘qligi ta’kidlandi.
LiveBarchasi