Koronavirus tarqalishi sekinlashdimi?

Olam

image

2019-nCoV koronavirusining tarqalishini cheklash bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi hukumati tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar virusning yanada yangi-yangi hududlarga chiqib ketmasligiga yordam bera boshladi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar e’lon qilingan statistikaning to‘g‘riligiga ishona boshladi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktorining yordamchisi Bryus Aylvard matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Ikki hafta oldin Xitoyga kelganimda, yangi kasallanganlar soni kuniga 2 ming nafarga ortayotgandi, bizning qo‘shma missiyamiz tugagach, koronavirus bilan bog‘liq holatlar soni sezilarli darajada kamaydi. Kecha 409 ta yangi holat qayd etildi, ya’ni ikki haftada kamayish taxminan 80 foizni tashkil etdi”, deydi Aylvard.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tanlagan strategiya va virusning tarqalishini oldini olish uchun qabul qilingan chora-tadbirlar bunday natijaga erishilishiga sababchi bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, bugun koronavirus ilk bor Bahrayn va Afg‘onistonda qayd etildi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 34 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn va Afg‘onistonda aniqlandi.

Virusdan bugungacha 2619 kishi halok bo‘ldi, 79 561 kishi u bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.

Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy virus

Baholaganlar

98

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing