Koronavirus sabab karantin davri ayni muddao: tavsiya qilinuvchi kitoblar (ro‘yxat) 

Bu qiziq

image
Koronavirusga chalingan 33 bemorni davolayotgan qahramon shifokorlar kimligi ma’lum bo‘ldi north_east

Koronavirusga chalingan 33 bemorni davolayotgan qahramon shifokorlar kimligi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 37 nafarga yetdi north_east

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 37 nafarga yetdi

Koronavirus vaqtida qaysi mahsulotlar iste’moli eng foydali va zararli? north_east

Koronavirus vaqtida qaysi mahsulotlar iste’moli eng foydali va zararli?

23 martdan to‘y-hashamlar o‘tkazish to‘xtatiladi north_east

23 martdan to‘y-hashamlar o‘tkazish to‘xtatiladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yilning 31 yanvar kuni koronavirus sababli dunyoda xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qilgandi. Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib, tashkilot kasallikning tarqalishi jiddiy tus olgani va u pandemiya darajasiga ko‘tarilganini rasman e’lon qildi.

Kasallik shiddat bilan tarqalayotgani sabab koronavirus kirib kelgan davlatlarda uydan chiqmaslik, karantinga rioya qilish tavsiya etilmoqda. Bu balo O‘zbekistonga kirib kelgani bois 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektorda ham davlat rahbari bu masalaga to‘xtaldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Ko‘p odamlarimiz karantinni tushunmasdan, uyida o‘tirganlar ko‘chaga chiqib ketyapti. Chiqishi ma’n etiladi uni. Yurishi ham man etiladi. Nimaga desangiz u mana shu kasallikni tarqatuvchi hisoblanadi. Markazlashgan joylarni qilish oson, lekin ko‘p joylarda bizdagi ma’lumotlar bo‘yicha markazlashgan joylardan ham kimdir chiqyapti. Ma’n etiladi”, deya ta’kidladi. 

Shu munosabat bilan, butun dunyo bo‘ylab televideniye, internet saytlar va radioda bolalar va oila uchun foydali ko‘rsatuvlar, onlayn dasturlar va audiokitoblarni taqdim etmoqda. 

QALAMPIR.UZ tahririyati mamlakatdagi vaziyatni hisobga olib uyda kitob o‘qishning ayni vaqti deb hisoblaydi. Bunday fursatdan foydalanib, bilim manbaingizni oshirish uchun bir necha kitoblarni tavsiya qilamiz:

1. O‘tgan kunlar (Abdulla Qodiriy) 

Har bir o‘zbek yigiti, o‘zbek qizi, o‘zbekona oila va tarbiya qanday bo‘lishi kerakligi haqida bilim olmoqchi bo‘lsangiz ushbu asar ayni siz uchundir. Romanda tom ma’noda o‘zbek madaniyati, go‘zal xulq bilan bir qatorda o‘sha davr xonliklar siyosati birmuncha tasvirlangan. 

Roman syujetiga kelsak, Toshkentning yuqori martabali oilasining farzandi sanalmish Otabek savdo ishlari bilan Marg‘ilonga boradi va Qutidor oilasi bilan tanishib qoladi. Shu asnoda, oilaning qizi Kumushbibiga oshiq bo‘ladi va turmush quradi. Voqealar rivojini o‘qir ekansiz, beixtiyor asar ichida yashay boshlaysiz. 

2. G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q (Erix Mariya Remark)

Faylasuflar dunyo tarixida eng axloqsiz ish – urushlardir deya hisoblashadi. Muallif urushga nisbatan o‘z nafratini, urushlar natijasida hayot qanchalik xunuk va ma’nisiz ekanini badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirlay olgan. Asar esini taniganiga ko‘p bo‘lmagan, ulg‘ayishi hamon Birinchi jahon urushi o‘choqlariga uloqtirilgan Paul Boymer va uning frontdoshlari haqida hikoya qiladi.

Birinchi jahon urushi vaqtida boshqa davlat armiyalaridan farqli ravishda, Germaniya askarlarini oziq-ovqat bilan yetarli darajada ta’minlangan. Biroq har qanday maxsus ovqatlarni o‘z uyingda, oilang davrasida tanovul qilgan yegulik bilan solishtirib bo‘lmasligi, frontda yopiriluvchi kutilmagan dushman xujumlari, zaxarli gaz tarqalishi kabi holatlarni o‘qib inson bugungi kuniga shukrona keltiradi. 

3. Oltin zanglamas (Shuhrat)

Zamona zayli bilan xalq orasida doimo e’zozda bo‘lib kelgan o‘qituvchi kasbi bugun ko‘p marotaba oyoqosti qilinayotganini ko‘rish mumkin. “Oltin zanglamas” asarida yaxshi insonlar oltinga qiyoslangan. Chunki yaxshi insonni ham boshiga qanday savdolar tushmasin u o‘zligini,  vijdonini yo‘qotmaydi.  Xuddi oltin kabi yaraqlab turaveradi.  Aslo zanglamaydi. Asarda oltinga teng insonlar o‘qituvchilar misolida yoritilgan.

Adib bu asarini “Yuragimning ochiq yarasi va shukronasi” deb ataydi. “Oltin zanglamas”dagi hayotni yaxshi bilaman. Ular men bilan birga bo‘lgan, men uchratgan kishilarning hayoti. Men bu hayotning atrofida emas, naq ichida bo‘lganman”, deya asarga ta’rif bergan Shuhrat. 

Roman sho‘ro davlatining qatag‘onlari haqida, uni amalga oshirgan kimsalar va repressiya qurbonlari haqidagi haqiqat baralla aytilgan asar edi. Shuning uchun o‘sha davrda asarga yaxshi baho berilganiga qaramay, uning nashr etilishi qiyin kechgan. 

“Oltin zanglamas”ni talabalik paytimdan beri necha bor qo‘lga olgan bo‘lsam, to intixomiga yetmaguncha sabr qilolmaganman. Bu safar ham shunday bo‘ldi. So‘nggi sahifani yopib, o‘ylanib qoldim. Shuhrat aka Sodiq muallim misolida o‘zining boshidan o‘tganlarini yozgandek edi go‘yo. “Oltin zanglamas” degan iborani bemalol Shuhrat akaning o‘ziga nisbatan qo‘llash mumkin”, deya ta’kidlagan adibning shogirdlaridan biri. 

4. Raqamli qal’a (den Braun)     

“Raqamli qal’a” romani adibning ilk romani bo‘lib, asar 1998 yilda yozilgan. Roman hozirgi davr uchun juda dolzarb hisoblanuvchi, axborot xavfsizligi masalasida hikoya qiladi.

Asarning yozilishiga Den Braun hayotda o‘zi guvohi bo‘lgan voqea sabab bo‘ladi. Den Braun o‘zi dars beradigan Universitetdagi talaba do‘stiga elektron pochta orqali hazillashib AQSH Prezidentiga suiqasd qilmoqchi ekanligini yozganidan so‘ng, AQSH Milliy xavfsizlik agentligi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. Milliy xavfsizlik agentligi eng sirli agentliklardan biri bo‘lib, uning vazifasi fuqarolarni kuzatib borishdir. Bu vaziyat uni qiziqtirib qo‘yadi va u elektron xavfsizlik haqida asar yozishga qaror qiladi. Uyiga kelib asarni yoza boshlagan paytda elektron pochta orqali virus kelib, kompyuterining qattiq diski kuyib qoladi. Bundan xavotir olgan Den Braun Milliy xavfsizlik agentligi va undagi dovyurak razvedkachilar haqida shov-shuvli kitobni chop etadi.

5. Ikki eshik orasi (O‘tkir Xoshimov)

Ushbu asar o‘zbek kitobxoni, o‘zbek jamiyati vakili uchun nechog‘li salmoqli o‘rin tutishini alohida ta’riflashning hojati yo‘q. Chunki romanga eng bebaho ta’rif uchun O‘tkir Xoshimovning qalami foydalanishni ma’qul ko‘rdik.

Adib O‘tkir Xoshimov: “Rost bilan yolg‘onning o‘rtasi – to‘rt enlik", degan gap bor. Qiziq, nega endi oz emas, to‘rt enlik? Gap shundaki, ko‘z bilan quloqning orasi – to‘rt enlik ekan. Eshitganingga emas, ko‘rganingga ishon... Maqsad - shu.⠀

Bu kitobdagi ko‘p odamlarni o‘zim ko‘rganman. Ko‘plari bilan, ba’zilarining... ruhi bilan... Ba’zilari nimani gapirgan bo‘lsa, shuni qog‘ozga tushirdim. Ba’zilari nima gapirganini emas, nima o‘ylaganini yozishga majbur bo‘ldim. (Nachora, hamma rost gaprivarmaydi. Ammo yolg‘on gapirayotgan odam ham ichida, baribir rostini o‘ylaydi.)⠀

Xullas, bu savdolar ko‘p yillar davomida ko‘p kishilarning boshidan kechgan. Ular ostidan hukm chiqarish – sizlarga havola...⠀

Tilimning uchida turgan yana bir andishani aytmasam bo‘lmaydi. Ehtimol, siz bu kitobda foje ko‘payibroq ketmadimikin, degan hayolga borarsiz. Nachora, avvalo – hayot – nuqul bayramdan iborat emas. Urush esa o‘yin emas. Ikkinchi jahon urushi million odamning uvoliga qoldi. Shundan yigirma olti millioni bizning odamlar edi. Eng aziz, eng asil kishilarimiz. Qolaversa, urush faqat okopdagi jangchilarning joniga chang solib qolmadi. Minglab chaqirim naridagi olamlarni ham sinovdan o‘tkazdi. Mushkul damlarda imonini, insonligini saqlab qolgan ota-onalarimiz, aka-opalarimizning hayoti bugungi zamonda bizga o‘rnak bo‘lsa ne ajab!”.⠀

6. Ufq (Said Ahmad)

Marhum adib, O‘zbekiston Qaxramoni Said Ahmad qalamiga mansub ushbu roman-trilogiyaning voqealar markazi Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liqdir. Roman-trilogiya uch qismdan iborat bo‘ladi. Ushbu asar ikkinchi jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqealarini o‘z ichiga oladi. 

Romanda jahon urushi xalqimizga qanday musibatlar olib kelgani adib qalami bilan yuksak tarzda aks ettirilgan. Romanda voqealarda qatnashayotgan har bir qahramon jamiyatdagi qaysidir inson siymosini o‘zida mujassam etgan. Jahon urushi yillari ota-bobolarimiz qanday kunlarni boshidan o‘tkazgani haqida bilmoqchi bo‘lsangiz, roman aynan siz uchun.

7. Islomga bag‘ishlangan umr (Muhammad Amin Muhammad Yusuf)

Shayx‏ ‏Muhammad Sodiq‏ ‏Muhammad‏ ‏Yusuf‏ ‏hazratlarining kitoblari ko‘plab masalalarda javob olish uchun xizmat qilmoqda. Ko‘pchilik orasida bu inson qanday qilib bu darajaga erishgan, qanday hayot kechirganligi masalasida savollar yuradi. 
Bu kitobda ushbu savollarga javob olish maqsadida Shayxning hayot yo‘li bo‘yicha tashvish va quvonchlarni birga boshidan o‘tkazgan ukalari Muhammad ‏Amin‏ ‏Muhammad‏ ‏Yusuf bayon etgan. 

8. Choliqushi (Rashod Nuri Guntekin)

Turk yozuvchilar qalamiga mansub asarlar ichida dunyo ahli ko‘z oldiga birinchi bo‘lib ushbu asar kelsa, ajab emas. Ushbu roman 1922 yilda yozib omma e’tiboriga havola etilgan. Asarda Birinchi jahon urushidan so‘ng, eski sultonlik rejimidan yangi davrga qadam qo‘yayotgan Turkiya aks ettirilgan. Hozirgi turk ta’lim tizimiga tamal toshlari qo‘yilgan vaqtlar qiziq voqealar bilan ochib berilgan. 

Asarda ikki yoshning o‘tli muhabbati, urushning dahshatli oqibatlari, diniy mutaassiblikka yo‘g‘rilgan eski maktablar, qahramonlarning vatanparvarligi qiyinchiliksiz ochib berilgan.  
 
 

9. Eljernonga atalgan gullar (Deniyel Kiz)

Asarda aqliy rivojlanishi past bo‘lgan atrofidagilarning nafratini, ustidan kulganlarini tushunmagani, aqli joyiga kelgach, bu dunyo qanchalik dahshatli ekanini anglashi aks ettiriladi. 

Boshqa sog‘lom odamlardan farqli ravishda asar qahramoni Charlida bitta xromosoma kamligi bois, ko‘pchilik ilg‘agan oddiy holatlarni ham tushunmaydi. Olimlar uning miyasini sun’iy ravishda rivojlantirish uchun operatsiya qilishni taklif qilishganda rozi bo‘ladi.

Operatsiyadan keyin Charli dastlab o‘z o‘tmishini eslab, uni tushuna boshlaydi. Oila a’zolari undan uyalganini, nafratlanganini, u do‘st deb yurganlar doimo uning ustidan kulib yurganini va hokazo. O‘ylardiki, ularga o‘xshab aqlli bo‘lsa hammasi o‘zgaradi, uni hamma yaxshi ko‘radi. Lekin Charli qanchalik daho bo‘la borgani sari odamlar uni battar yomon ko‘ra boshladi. Asar so‘ngida qahramon yashindek ta’sir qiluvchi so‘zlaridan bir parcha keltiramiz: “Idrokning o‘zi hech nimaga yaroqsiz. Universitetimizda aql, ta’lim, bilim ulug‘lanadi. Lekin men siz bilmagan narsani bilaman : insoniy tuyg‘ularsiz bilim bir tiyinga qimmat. Meni to‘g‘ri tushuning, zehn - insoniyatga ato qilingan yeng bebaho ne’mat. Lekin ko‘pincha muhabbat izlash o‘rniga bilim izlash bilan bandmiz...”

10. “Yulduzli tunlar” va “Humoyun va Akbar” (Pirimqul Qodirov)

Bu ikki asarni bir-biridan ajratish mantiqsizlik deb hisoblab, nomlarini birga tilga oldik. Ushbu asar o‘zbek kitobxonlari uchun o‘z tarixini mazmunan anglashi, ayni millat sifatida shakllanayotgan o‘zbek tarixi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar bazasi deb hisoblash mumkin. 

“Yulduzli tunlar” asarida Sohibqiron Amir Temurning vafoti va u asos solgan imperiyaning parchalanib ketishi haqida voqealar bayon etilgan. Temuriylar o‘rtasidagi nizolar,  fitna,  fisq-u fasod tufayli yuzaga kelgan qonli urushlar,  ayovsiz xunrezliklar oqibatida norozi kayfiyatdagi xalqning ayanchli holati ushbu asarda ochib berilgan. Ichki nizolar va saroy fitnalari sabab yemirilgan hokimiyatni Shayboniyxon egallashi unchalik qiyin bo‘lmaydi. 

“Humoyun va Akbar” asari mantiqan “Yulduzli tunlar” asarining davomi deyish mumkin. Unda Boburiy shahzodalar o‘rtasidagi munosabatlar, Boburiylar sulolasi davomchilari Humoyun va Akbarlar hayoti aks ettiriladi. 

11. Alkimyogar (Paulo Koyelo)

Ushbu kitob butun dunyo miqyosida odamlarga motivatsiya ulashuvchi ramziy asar sifatida tanilgan. Siz o‘z maqsadlaringizni, hayot yo‘lingizni topa olmayapsizmi? Demak, ushbu kitob ayni siz uchun.

Asarda keltirilgan, “Bu kurrai zaminda oliy bir haqiqat mavjud : qachonki sen nimanidir astoydil istasang, albatta, unga erishasan, chunki bunday istak Olamning Ruhida dunyoga kelgan bo‘ladi. Sen yer yuzida xuddi ana shuning uchun yaratilgansan” so‘zlarida olam mazmunini ochib bergandek bo‘ladi. Tahririyat asar haqida ko‘p ta’rif berishni lozim topmadi. Bo‘sh vaqtingiz bo‘lishi zahoti, qolgan ermaklarni chetga suring, kitobni oila a’zolaringiz bilan mutolaa qiling. 

Ta’kidlash lozimki, bu kitoblar ro‘yxatini karantin vaqtida ma’nan ozuqa olishingiz uchun tavsiyaviy ko‘rinishda tuzib chiqildi. Maqola natijasida kimnidir mulkiy manfaatini o‘ylab tuzilgan degan yanglish fikrga kelmasligingizni so‘raymiz. Ayni vaqtda ushbu kitoblarning kitob do‘konlaridan topishingiz mumkin. Koronavirusdan muhofaza maqsadida o‘tkazilayotgan karantin vaqtida oilangiz davrasida bo‘ling. Kitob mutolaasi uchun hozir ayni vaqti.


Maqola muallifi

Teglar

karantin kitob koronavirus

Baholaganlar

300

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing