Koronavirus sabab imtihonda qatnasha olmagan abituriyentga to‘lagan puli qaytarilmaydi – DTM
Jamiyat
−
22 iyul 2020
97262020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan, ammo test sinovida qatnasha olmagan abituriyentlarga to‘lagan pullari qaytarib berilmaydi. Bu haqda Davlat test markazi rasmiylari matbuot anjumanida ma’lum qildi.
QALAMPIR.UZ muxbiri DTM rasmiylariga abituriyent karantinga olinsa yoki koronavirusga chalinsa va imtihonda qatnasha olmasa, unga yana imkoniyat beriladimi, agar qatnashmasa to‘lagan puli qaytariladimi degan savol bilan murojaat qildi.
“Imtihon kuni tana harorati yuqorilagan abituriyentlarga test sinovlari to‘liq yakunlangach, imtihon topshirish imkoni beriladi.
Barcha abituriyentlarning tana harorati test o‘tkaziladigan hududga kirish jarayonida tekshiriladi. Tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lganlar o‘sha yerda tibbiyot xodimlari nazoratidan o‘tadi. Agar harorati tushmaydigan bo‘lsa, imtihonga kiritilmaydi va unga test sinovlari butunlay tugagaganidan so‘ng to‘rt kun o‘tgach, bir kun vaqt beriladi.
Masalan, imtihon bir oy, ya’ni o‘ttiz kun davom etsa, tana harorati yuqori abituriyentlar uchun o‘ttiz to‘rtinchi kuni imtihon bo‘ladi.
Agar abituriyentda kasallik alomatlari aniqlanib, tuzalmasa, ya’ni unga SSV tomonidan xulosa berilmasa, u joriy yil test sinovlariga qo‘yilmaydi”, dedi DTM bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov.
Mazkur savol bo‘yicha DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov qo‘shimcha tariasida shularni ma’lum qildi:
“Abituriyentda COVID-19 aniqlansa, shifokor xulosasiga asosan, testga kiritilmaydi va keyingi yil imtihon topshirishiga to‘g‘ri keladi. Koronavirusga chalingan abituriyentlarga hujjat topshirish paytida qilgan to‘lov summasi qaytarib berilmaydi. Chunki imtihonga qadar u abituriyent qatnashmasligini bilib bo‘lmaydi, shuning uchun ham suv, ruchka olinadi, nazoratchi tayinlanadi. O‘tgan yili ham pul to‘lab, testga kelolmaganlarga mablag‘i qaytarilmagan”, dedi Sardor Rajabov.
Eslatib o‘tamiz, tadbirda DTM rasmiylari yangi o‘quv yili uchun kirish imtihonlari avgustda emas, sentyabrda o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (111 500 so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshirishi belgilangan.