Koronavirus sabab dunyo boylari qariyb 140 mlrd dollarga kambag‘allashdi
Olam
−
25 fevral 2020
6067Dunyoning eng boy 500 kishisi kecha, 24 fevral kuni jami 139 mlrd dollar yo‘qotdi. Bunga COVID-19 koronavirusning tarqaishi fonida bozorning beqarorligi sabab bo‘ldi.
“Bloomberg”ning yozishicha, bu 2016 yil oktyabrda agentlik reyting yurita boshlaganidan beri boylarning eng katta yo‘qotishga uchrashi bo‘ldi.
Eng katta zararni Amazon asoschisi Jeff Bezos va Louis Vuitton Moët Hennessy rahbari Bernar Arno ko‘rdi. Bezos “Bloomberg”ning milliarderlar reytingida birinchi o‘rinni egallab turadi. Ularning har biri 4,6 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘qotgan. Ulardan keyin Inditex kompaniyasi asoschisi Amansio Ortega turibdi. U 4 mlrd dollar yo‘qotgan. Facebook asoschisi Mark Sukerberg esa 3,4 mlrd dollarga kambag‘allashgan.
Ma’lumot uchun, koronavirus tufayli bugun Gonkongdagi birja savdolari ham pasayish bilan boshlangan.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 36 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn, Afg‘oniston, Quvayt vaUmmonda aniqlandi.
Virusdan bugungacha 2619 kishi halok bo‘ldi, 79 561 kishi u bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi