Koronavirus. Mikro dushmanimiz haqida nimalarni bilamiz? (video)
Bu qiziq
−
25 mart 2020
11120Dunyo aholisi hayot tarziga koronavirus deb atalmish balo kirib kelganiga ham 3 oy bo‘lib qoldi. Shu vaqt mobaynida bu kasallik dunyoning 195 ta mamlakat va hududiga kirib bordi. 450 mingga yaqin odamni zararladi, 20 ming nafarining yostig‘ini quritdi. Xo‘sh, bu kasallik haqida, aniqrog‘i, bu kasallikni keltirib chiqaradigan virus haqida nimalarni bilamiz?
Kasallikni SARS-COV-2 virusi keltirib chiqaradi. Ushbu zarraning texnik nomi virion hisoblanadi. Zarra juda ham kichik, uning o‘lchami 90 nanometr. Ya’ni metrning milliarddan biriga teng.
Uning tarkibida 4 xil protain, ya’ni oqsil mavjud. Birinchisi, qobiq oqsili. U virusning "terisi" hisoblanadi. Ikkinchi oqsil – membrana. Membrana virusni tashqi muhit bilan aloqasini ta’minlaydi. Uchinchi oqsil – yadro oqsili. Bu virusning o‘sha mashhur toji hisoblanadi. Va so‘nggi oqsil esa, nukleokapsid hisoblanadi.
Virusning ichida RNK molekulasi joylashgan. Ushbu molekula virusning "miyasi" hisoblanadi. Unda genetik ma’lumotlar saqlanadi.
Endi esa bu virusni organizmda qanday ko‘payishini ko‘rib chiqamiz.
Virus zarrachasida yadro oqsili borligini aytib o‘tdik. U boshoqsimon oqsil ham deyiladi. Shu boshoqsimon oqsil yordamida ushbu virus inson hujayrasi bilan tutashadi. Inson hujayrasida TMPRSS2 deb nomlangan hujayraning qorovuli vazifasini o‘taydigan apparat mavjud. Ushbu apparat hujayraga tutashgan begona jismni olib tashlashga harakat qiladi.
Ayni shu jarayonda virusning boshoqsimon oqsili kesiladi. Ammo bu harakat aksincha natija berib, virusning hujayraga kirishiga imkoniyat yaratiladi.
Hujayra ichiga kirgan virus ichidagi RNK zanjir molekulasini chiqaradi. Uning bir qismi oqsillarga aylanadi. Ushbu oqsillar hujayra ichida SARS-COV-2 viruslarini yarata boshlaydi. Ushbu jarayon hujayraning Golgi apparati deb nomlangan qismida sodir bo‘ladi. Oqsillar 100 tadan 1000 tagacha virus zarralarini yaratishi mumkin. Aynan shu zarralar boshqa hujayra yoki odam tanasiga yuqib, yuqoridagi jarayonlarni takrorlaydi.
Bu virusdan saqlanish uchun bizga qo‘llarimizni doimiy ravishda yuvib yurish tavsiya qilinmoqda. Xo‘sh, qo‘llarni yuvish bizga qanday yordam beradi?
Yuqorida aytganimizdek, virus oqsillardan tashkil topgan. Uning yadro oqsili ham virus tashqarisida joylashgan. Ushbu oqsillar suv va sovunga duch kelsa, parchalanadi. Shunday qilib virus yo‘q bo‘ladi.
LiveBarchasi