Koronavirus xavfi: O‘zbekistonda xalqaro sport musobaqalari o‘tkazish cheklandi

Sport

image

Ilk bor Xitoyda aniqlanib, so‘ngra dunyoning ko‘plab davlatlariga kirib borgan COVID-19 koronavirusi bugun butun dunyoni tahlikaga solib turibdi. Bugunga kelib virus dunyoning 100 ga yaqin davlatiga kirib bordi.

Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, qolaversa O‘zbekiston Hukumati tomonidan berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyrug‘i qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari vaqtincha to‘xtatildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — koronavirus epidemiyasini O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish bo‘lib, buyruq bilan xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zolarining ishtiroki hamda tizim xodimlarining xorijiy xizmat safarlari vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, sport turlari bo‘yicha respublika sport musobaqalari (chempionat va kuboklar) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, hududiy sport musobaqalarini esa hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan kelishgan holda o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

“Bundan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi respublika tashkilotlari va jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan targ‘ibot materiallarini chop etish va ularni e’tibor qaratiladigan joylarga ilinishini ta’minlash orqali xalqimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish ham ko‘zda tutilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, bugungacha koronavirusdan halok bo‘lganlar soni 3 ming nafardan, u bilan kasallanganlar soni esa 100 mingdan oshdi.


Maqola muallifi

Teglar

musobaqa koronavirus

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing