Koronavirus xavfi: Qo‘mita turagentliklarga Xitoyga turlar sotmaslikni tavsiya qildi
Jamiyat
−
31 yanvar 2020
5282O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi Xitoydagi koronavirus xavfi tufayli O‘zbekistondagi turoperatorlarga murojaat qilib, ulardan ushbu mamlakatga turlar sotuvini to‘xtatib turishni tavsiya qildi.
Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida paydo bo‘lgan koronavirus bugunga kelib butun mamlakat, Avstraliya, Vetnam, Janubiy Koreya, Malayziya, Nepal, Singapur, AQSH, Tailand, Fransiya, Yaponiya, Filippin, BAA va qator boshqa mamlakatlarda aniqlangan.
Koronavirus epidemiyasi tufayli mamlakat hukumati mahalliy turoperatorlarga va turagentlarga mamlakat bo‘ylab hamda xorijga chipta sotishni taqiqlagan. Shu bilan birga, Rossiya, Malayziya, Filippin, Gruziya kabi qator davlatlar ham epidemiologik vaziyat normallashuviga qadar Xitoyga va Xitoydan amalga oshiriluvchi turlarga taqiqlov belgiladi.
O‘zbekiston hukumati ham koronavirusning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid choralar ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi mamlakatda faoliyat yuritayotgan turoperator va turagentlarga quyidagilarni tavsiya qildi:
• epidemiologik vaziyat normallashuviga qadar Xitoyga turlar sotuvini to‘xtatib turish;
• Xitoyga safar bo‘yicha xarid qilingan yoki sotib olingan turlarni sanitar vaziyat normal bo‘lgan mamlakatlarga almashtirish;
• qonunchilikka muvofiq, sayyohlarni yo‘l olayotgan mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan xabardor qilish.
Shu bilan birga, joylashtirish vositalari va turoperatorlar (turagentlar)dan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi sayyohning salomatligi yomonlashgan holatda yaqin oradagi tibbiyot muassasasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligini boxabar qilish so‘ralgan.
Jismoniy va yuridik shaxslar Turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga murojaat qilgan taqdirda quyidagilar tavsiya qilingan:
• omma yig‘ilgan joylarda hamda taom iste’molidan avval qo‘llarni yaxshilab yuvish;
• kasallikning ilk belgilari namoyon bo‘lgan taqdirda zudlik bilan turoperatorga, joylashtirish vositasi yoki yaqin oradagi tibbiyot muassasasi personaliga yordam so‘rab murojaat qilish;
• O‘zbekiston hududida tibbiy yordam so‘rab murojaat qilingan taqdirda tibbiyot muassasalari personalini kelgan vaqti va joyi haqida ma’lumot berish;
• nafas organlari himoya vositalari (niqob)dan foydalanish;
• bozorlar, hayvonot bog‘i, ommaviy-madaniy tadbirlarga bormaslik;
• faqat termal ishlov berilgan taom va butildagi suvni iste’mol qilish.
Eslatib o‘tamiz, hozirgacha yangi koronavirusdan 213 nafar odam halok bo‘ldi. Virus bilan kasallanganlar dunyo bo‘yicha 9816 nafarga yetdi.
LiveBarchasi